Samarqanda navbatdagi bitiruv tantanasi boʼlib oʼtdi

0
850

Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kichik mutaxassislar tayyorlash Markazida navbatdagi bitiruv tantanasi boʼlib oʼtdi.

Tadbirda Markaziy harbiy okrug qoʼshinlari qoʼmondonligi, “Nuroniylar” kengashi Samarqand viloyati boʼlimi va Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyati Kengashi vakillari hamda faxriylar, ota-onalar va bir guruh yoshlar ishtirok etdi.

Soʼzga chiqqanlar harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida gapirar ekan, Markazda serjantlarni tayyorlash boʼyicha zamon talablariga javob beradigan samarali tizim yaratilganligi, natijada yuksak nazariy va amaliy bilimlarga ega boʼlgan harbiy xizmatchilar oʼz bilimi, malakasi va mahorati bilan Qurolli Kuchlar saflaridan munosib oʼrin egallayotganligini alohida taʼkidlab oʼtishdi.

– Biz Markazda oʼqish mobaynida murakkab taktik vaziyatlarda tezkorlik bilan oʼz yoʼnalishimizni aniqlash va mustaqil harakatlanish, jangovar xizmat vazifalarni bajarishda maqsadga muvofiq qarorlarni qabul qilish yuzasidan oʼz bilimlarimizni yanada oshirdik va yuksak maʼnaviy- axloqiy va yetakchilik fazilatlariga, keng dunyoqarashga, boshqarish va tashkillashtirish faoliyatida oʼz malakalarimizni va koʼnikmalarimizni yanada oshirdik, – deydi kichik serjant Z.Melikov.

Marosimda bitiruvchilarga sertifikat va koʼkrak nishonlari hamda bir guruhiga “kichik serjant”, III darajali serjant unvonlari berildi. Shuningdek, bir guruh bitiruvchilarga oʼquv-tarbiyaviy jarayonida bitiruv imtihonlarini aʼlo baholarga topshirganligi va namunali xulqi, intizomi bilan safdoshlariga oʼrnak boʼlganligi uchun “Aʼlochi mutaxassis” koʼkrak nishoni topshirildi.

Tadbirning badiiy qismida viloyat madaniyat boshqarmasining konsert dasturi hamda Samarqand shahar “Barkamol avlod” bolalar maktabining bir guruh oʼquvchi yoshlarining goʼzal raqslari namoyish etildi.

Kichik serjant Xayrullo OʼLMASOV