Harbiy hayot qarshisidagi yoshlar

0
555

Xabaringiz bor, “O‘zbekiston yoshlar forumi – 2021” haftaligi butun Respublikamiz bo‘ylab quloch yoymoqda. Ushbu haftalik doirasida Toshkent viloyatining Zangiota va poytaxtimizning Sergeli tumanlarida joylashgan 300-, 32-, 34-, 21-, 7-, 8- va boshqa o‘rta ta’lim muassasalaridagi o‘quvchi-yoshlar harbiy qismga tashrif buyurib, “Rahbar va yoshlar” nomli ochiq muloqotlarda faol ishtirok etishdi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, milliy armiyamiz va yoshlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash, harbiy hayot maktabi bilan o‘quvchilarni yaqindan tanishtirish, harbiy xizmatchilar va ularga berilayotgan imtiyozlar, shuningdek, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarliklar borasida tushunchalar berishdan iborat.

Harbiy qism komandiri podpolkovnik Alimardon Sharafiddinov ochiq muloqot davomida o‘quvchilar tomonidan berilgan ko‘plab savollarga batafsil javob berib o‘tdi.

So‘ngra yoshlar harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi. Shu bilan birga, harbiy qurol-aslaha va jangovar texnikalar ko‘rgazmalari, harbiy xizmatchilar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga yaxshi taassurot qoldirdi.

Ushbu tadbirlar qaysidir ma’noda yoshlarni o‘ylantirayotgan ko‘plab masalalarga amaliy yechim bera olgani bilan ham ahamiyatlidir.

Katta leytenant Bobur ELMURODOV,
Mudofaa vazirligi Axborot
va ommaviy kommunikasiyalar departamenti