Toyloq tumanida “Askar mahalla mehmoni” bo‘ldi

0
587

Oldin xabar berganimizdek, Markaziy harbiy okrugida o‘tkazilgan “Askar onalarini sharaflaymiz” mavsuzidagi tadbirga keltirilgan Navoiy garnizonida yigitlik burchini o‘tayotgan samarqandlik muddatli harbiy xizmatchilar Samarqand viloyatining Toyloq tumanida tashkil qilingan “Askar mahalla mehmoni” tadbirida ishtirok etishdi.

Xususan, Toyloq tumanida tug‘ilib o‘sgan muddatli harbiy xizmatchi Sardor Hamdamovning mahallasida aholi va yoshlari ishtirokida uchrashuv va festivallar o‘tkazildi.

Dastlab Sardor ta’lim olgan 41-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tkan uchrashuvda o‘z o‘quvchisining Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash chog‘ida ko‘plab yutuqlarga erishayotganini eshitgan ustoz va murabbiylar qalbida faxr his-tuyg‘ulari uyg‘ondi.

Mahalla maydonida o‘tkazilgan festivalda ham Sardorning yutuqlari alohida etirof etilib, uning ota-onasiga mahalla hamda umumta’lim maktabi ma’muriyati tomonidan alohida minnatdorchilik bildirildi.

– Bugun harbiy xizmatchilarning ko‘magi bilan farzandimiz mahallaga tashrif buyurdi va uning erishayotgan yutuqlari tufayli el-yurt oldida rahmatlar eshitdik, – deydi Sardorning onasi Gulnora aya va otasi To‘xtamurod aka Hamdamovlar. – Bugun biz chin ma’noda o‘zimizni eng baxtli ota-ona sifatida his qildik. Buning uchun albatta, farzandimizni hayot maktabida tarbiyalayotgan harbiylarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Shu kuni okrug qo‘mondonligi tashabbusi bilan askar mahallasining aholi va yoshlari uchun Samarqand garnizoni harbiy xizmatchilari ishtirokida harbiy texnikalar va qurol-aslaha ko‘rgazmasi hamda buyuk ajdodllarimizni jang san’ati tasvirlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati