Samarqandda harbiy shifokorlarga jami 1,3 mlrd so‘m pul mablag‘lari yetkazildi

0
701

2020-yilning 1-iyul kunidan boshlab koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini davolash uchun Samarqand harbiy gospitalida 120 o‘rinli joylar tashkil etilib, 50 ga yaqin tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari jalb etilgan edi.

Ushbu vaqt oralig‘ida o‘zining kasbiy mahorati va bilimlarini namoyon etgan shifokorlarning zahmatli va mashaqqatli mehnati evaziga ushbu maskandan 2020-yil hisobidan 700 dan ortiq bemorlar shifo topib, butunlay sog‘ayishga erishigandi.

Joriy yilda Samarqand harbiy gospitalida 100 o‘rinli joylar tashkil etilib, unda shifokorlarimiz ko‘magi bilan 1600 dan ortiq bemorlar kasallikdan forig‘ bo‘lishdi.

Ushbu mehnatlarni qadrlash va taqdirlash maqsadida Markaziy harbiy okrug Sitiuasion markazida tadbir tashkil etildi. Unda qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov 2020-yilda butun insoniyat olamida katta burilish yasagan Koronavirus pandemiyasi tufayli tibbiyot xodimlari ko‘rsatayotgan jasorat bu kasbning nechog‘lik mas’uliyatli ekanini namoyon etganligini ta’kidlab, salomatlik himoyachilarining harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining salomatligini saqlash yo‘lidagi mashaqqatli mehnatini e’tirof etdi.

Shundan so‘ng qo‘mondon davlatimiz rahbarining 2020-yil 24-apreldagi “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida sanitariya-epidemiologiya xizmati tibbiyot xodimlarining mehnatini yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq harbiy shifokorlarga koronavirus pandemiyasi davrida infeksiya tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlarida faol ishtirok etgani hamda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga ko‘rsatgan tibbiy yordamlari uchun jami 1,3 mlrd so‘mlik pul mablag‘larining sertifikatlari hamda okrug qo‘mondonligining qimmatbaho sovg‘alarini topshirdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati