Navoiy garnizonida sayyor qabul va ochiq muloqot boʼlib oʼtdi

0
576

Markaziy harbiy okrug qoʼshinlari qoʼmondoni polkovnik Oybek Saidovning harbiy prokuratura vakillari bilan hamkorlikda “Xalq bilan ochiq muloqot” aktsiyasi doirasida oʼtkazayotgan sayyor qabulining navbatdagisi Navoiy garnizonida boʼlib oʼtdi.

Navoiy garnizonidagi harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari, Qurolli Kuchlar xizmatchilari hamda harbiy pensionerlarni ijtimoiy qoʼllab-quvvatlash hamda muammolarini ijobiy hal etish maqsadida oʼtkazilib kelinayotgan navbatdagi ochiq muloqotda okrug boshqaruv apparatining yuridik, kadrlar, moliya, tashkiliy safarbarlik kabi boʼlimlarining masʼul mutaxassislari jalb etildi.

Ochiq va oshkoralik tarzda oʼtkan ushbu muloqot jarayonlarida qoʼmondon harbiy pensionerlar va har bir oilaning uy-joy masalasi, tibbiy xizmat koʼrsatish, dam olish sanatoriyalariga yuborish, xizmat joyini koʼchirish kabi muammolarini atroflicha oʼrganib, ularni yaxshilash uchun kerakli boʼlgan koʼrsatmalarini berib oʼtdi.

Ochiq muloqot davomida harbiy xizmatchilarning turmush oʼrtoqlari bandligini taʼminlash hamda xizmat joyi oʼzgarib, yangi kelgan harbiylarning farzandlarini umumtaʼlim maktabi va maktabgacha taʼlim muassasasiga joylashtirishdagi suniy toʼsiqlar va duch kelinayotgan muammolar ham atroflicha oʼrganib chiqildi.

Qariyb 100 ga yaqin murojaat koʼrib chiqilgan ushbu sayyor qabulda 85 foizdan koʼprogʼi joyida bartaraf etildi. Ijrosi vaqt va oʼrganish talab qiladigan murojaatlar esa alohida nazoratga olinib, ijobiy yechimini taʼminlash boʼyicha masʼul xodimlarga topshiriq va koʼrsatmalar berildi.

Markziy harbiy okrug matbuot xizmati