Harbiylar madaniyat maskanida mehmon boʻlishdi

0
542

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 30 yilligi munosabati bilan Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birining bir guruh harbiy xizmatchilari Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida boʻlishib, ijodkorlar bilan uchrashuv oʻtkazishdi.

Soʻnggi ikki yil ichida teatr bilan ijodiy hamkorlik keng yoʻlga qoʻyildi. Oʻzbek va qoraqalpoq tillarida sahnalashtirilayotgan spektakllarning tomoshabinlari orasida harbiylar va ularning oila aʼzolari safi kengayib bormoqda. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artistlari bilan ijodiy uchrashuvlar tez-tez tashkil etilib, ular bilan shoh asarlar muhokamasi boʻlib oʻtyapti. Bu kabi tadbirlar harbiylarning maʼnaviy salohiyati yuksalishida, estetik didning shakllanishida va teatrga qiziqishlari ortayotganligiga guvohi boʻlyapmiz.

Teatr jamoasi va askarlar suhbati samimiy ruhda kechdi. Ijodkorlarning jonli ijroda kuylagan qoʻshiqlari harbiylarga chinakam bayramona tuhfa boʻldi. “Qurolli Kuchlarimizda bugun Alpomish, Yedigey singari mard va jasur yigitlar xizmat qilishmoqda”, – deydi teatr direktori Asan Niyetullayev. – “Bugungi kutilmagan tashrif esa bizlarni juda quvontirdi. Ehtiromdan boshimiz koʻkka yetdi. Sahna orqali qoraqalpoq teatri, afsona va rivoyatlari, nodir asarlari bilan tanitib borishlik bizlar uchun burch va sharafdir”.

Qiziqarli va mazmunli oʻtgan suhbatdan soʻng, askarlar salkam yuz yillik tarixga ega teatr haqida soʻzlovchi muzey boʻylab ekskursiya qilishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati