Samarqandda askar onalari sharaflandi

0
621

Samarqandda Markaziy harbiy okrug qoʼmondonligi hamda Navoiy viloyatida joylashgan harbiy qism qoʼmondonligi bilan hamkorlikda okrug Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Аskar onalarini sharaflaymiz” deb nomlangan tadbir boʼlib oʼtdi.

Unda Navoiy viloyatida joylashgan harbiy qismda Vatan oldidagi yigitlik burchini oʼtayotgan samarqandlik muddatli harbiy xizmatchilar hamda Samarqand garnizonidagi safarbarlik chaqiruv rezervidagi yigʼinida ishtirok etayotgan yigitlarning onalari, harbiy xizmatchilar, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etdi.

Soʼzga chiqqanlar mamlakatimiz mudofaa qudratini yanada mustahkamlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini taʼminlash maqsadida milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yuksak samaralar berayotganini va yaratilgan sharoitlar tufayli askarlarning erishayotgan yutuqlari haqida munis va moʼʼtabar onalarga soʼzlab berishdi.

Shundan soʼng askarlarning harbiy qismdagi faoliyati hamda onalariga yoʼllagan salomlari haqidagi video lavhalar namoyish etildi.

Vatan himoyasiga qodir mard yigitning onasi boʼlish — ulkan baxt. Videolavhalar koʼrgan barcha askar volidalari chehrasida ana shunday baxtiyorlik va sogʼinch sururi aks etib turdi.

Shundan soʼng uchrashuvga tashrif buyurgan onalarning farzandlari taklif etildi. Vatan oldidagi burchini ado etayotgan oʼgʼlonlar onalarini qoʼllarida guldasta bilan ularga mehri, ehtiromini izhor etdi.

– Bugungi uchrashuv bundayin koʼtarinkilik va unutilmas lahzalarga boy tarzda oʼtishi xayolimga ham kelmagan edi. Bizni bu yerda Navoiy viloyatidagi harbiy qism bilan onlayn uchrashtiradi, deb oʼylagan edim. Kutilmaganda farzandimni harbiy libosda shahdam qadam ila qoʼlida guldasta bilan kirib kelishi men uchun kutilmagan sovgʼa boʼldi va koʼnglim togʼday koʼtarildi, – deydi muddatli harbiy xizmatchi Mirjalol Mullaboevning onasi Rohat Rahimova.

Tadbir yakunida Vatanimizga sodiq, mard va yurtparvar yigitlarni oʼstirgani uchun onalarga minnatdorlik bildirilib, harbiy orkestr jamoasi hamda viloyatning isteʼdodli sanʼatkorlari ijrosida kontsert dasturi taqdim etildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati