Аsr bilan boʼylashgan Mudofaa vazirligi Kartografiya markazi

0
783

Mudofaa vazirligi Kartografiya markazi tashkil topganiga 100 yil toʼldi. Shu munosabat bilan tantanali anjuman tashkil etildi. Unda mudofaa vazirining birinchi oʼrinbosari-Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʼi general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov, vazirlik masʼul ofitserlari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
“Gʼalaba bogʼi” yodgorlik majmuasi hovlisida tashkil etilgan topogeodezik asbob-uskunalar va kartogafik texnikalar koʼrgazmasi bilan boshlangan tadbir “Shon-sharaf” davlat muzeyi anjumanlar zalida davom etdi.


General-mayor Sh. Xolmuhamedov yigʼilganlarni ushbu qutlugʼ sana bilan samimiy muborakbod etar ekan, Kartografiya markazi xodimlarining masʼuliyatli, shu bilan birga sharafli xizmatlariga ulkan zafarlar tiladi.
Shukuhli oʼtgan tantana davomida markaz bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini yoʼlga qoʼygan korxona va tashkilot vakillari, shuningdek, kartografiya xizmati ravnaqiga katta hissa qoʼshgan, shu bilan birga Qurolli Kuchlari Bosh shtabi navigatsiya-geoaxborot taʼminoti boshqarmasi tuzilishida jonbozlik koʼrsatgan, ayni vaqtda esa rezervda boʼlgan faxriy xarbiy xizmatchilar ham soʼzga chiqib, Mudofaa vazirligi qoʼshinlarida kartografiyaning oʼrni va ahamiyati hamda Kartografiya markazining yutuqlari, istiqboli haqida fikr bildirishdi.
Tantanada mudofaa vazirining tegishli buyrugʼiga binoan bir guruh harbiylar, Qurolli Kuchlar xizmatchilari va hamkor korxona va tashkilot vakillari faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʼalar bilan taqdirlandi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVА, Mudofaa vazirligi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti