Markaziy harbiy okrug butunlay yangi va zamonaviy qiyofada

0
1209

Bugun, 22-dekabr kuni Markaziy harbiy okrugda Mudofaa vazirligi hamda Samarqand harbiy-ma’muriy sektori mablag‘lari evaziga yangidan qurilgan va qayta ta’mirdan chiqib, zamonaviy qiyofaga ega bo‘lgan binolarning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Samarqand viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Erkinjon Turdimov, mudofaa vaziri o‘rinbosari polkovnik Alisher Norboyev, okrug qo‘mondonligi, Samarqand harbiy prokuraturasi, faxriylar hamda Samarqand viloyatidagi kuch tuzilmalarining vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda yangi qiyofaga kirgan harbiy okrug boshqaruv apparati binolari, tarix, axborot texnologiyalari, ma’naviy va ma’rifiy tayyorgarlik o‘quv binolari, jangovar tayyorgarlik o‘quv sinflaridan iborat binolar, “Kitob-24” hamda “Tir-24” majmualari okrug boshqaruv apparati va harbiy qism harbiy xizmatchilarining ixtiyoriga topshirildi.

Joriy yil yanvar oyida o‘tkazilgan Xavfsizlik Kengashining yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Quchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning ko‘rsatmasiga binoan yangidan barpo etilgan tarix binosidan Sohibqiron Amir Temur, Temur tuzuklari, Sulton Jaloliddin Manguberdi,  o‘zbek ma’rifatparvarlari, o‘zbek xalqining II jahon urushida ko‘rsatgan jasorati, milliy xalq qahramonlari, buyuk davlat asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat rahbarlari xonalari o‘rin oldi.

Endilikda ushbu o‘quv sinflaridan nafaqat harbiy xizmatchilar, balki o‘sib kelayotgan yoshlar ham milliy tariximizni o‘rganish va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda foydalanishlari mumkin.

Harbiy xizmatchilarni axborot texnologiyalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun mo‘ljallangan o‘quv binosida dasturiy ta’minot bo‘yicha g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish, dasturlash, veb dasturlash, 3d modellashtirish hamda modellashtirish va simulyatsiya markazi o‘rin oldi.

Harbiy xizmatchilar bo‘linmalarning jangovar harakatlarini olib borish va boshqarishda axborot texnologiyalariyadan foydalangan holda simulyatsion dasturlarini qo‘llaydi.

Harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirish borasida tashkil etilgan o‘quv binosida merganlarni tayyorlash, divizion o‘t ochishni boshqarish, otish qoidalari va asoslari, o‘t ochish vazifalarini yechish, metodik tayyorgarlik, zirxli texnikalarni yo‘naltiruvchi operatorlarini tayyorlash kabi mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

Harbiy xizmatchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlash uchun barpo etilgan yana ikkita o‘quv binolarida bir vaqtning o‘zida taktik va topografik tayyorgarlik, havo hujumidan mudofaa, jangovar va front orti ta’minoti yo‘nalishlari, tank texnika ta’minoti, avtotexnika taxminoti, harbiy tashish, yo‘l harakati qoidalari, havo desant tayyorgarligi, tog‘ tayyorgarligi, tibbiy tayyorgarlik, radiatsion-kimyoviy bakteriologik muhofaza bo‘yicha mashg‘ulotlarni o‘tkazishlari mumkin.

Harbiy xizmatchilarning ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligini  tizimli tashkil etish, intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuyg‘usi oshirishga mo‘ljallangan o‘quv binosida  kutubxona, ruhiy zo‘riqishlarni yechish, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, Yoshlar ittifoqi hamda okrug media studiyasi o‘rin oldi.

Mehmonlar yangi binolarni ko‘zdan kechirish davomida harbiy xizmatchilarning ajdodlarimiz tarixini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlari va  eng ilg‘or axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishga intilishini e’tirof etdi. 

Tantanali marosimda binolarning qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar hamda quruvchi-pudratchilar Mudofaa vazirligi hamda okrug qo‘mondonligi tomonidan rag‘batlantirildi.

Umuman olganda, katta hajmdagi qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, zamonaviy qulayliklar yaratilgan ushbu binolar harbiy xizmatchilarda milliy armiyamiz qudratini kuchaytirish bilan ajdodlarga munosib avlod bo‘lishga hamda ertamiz egalarini harbiy-vatanparvalik ruhida tarbiyalashda mustahkam poydevor bo‘la oladi.

Yaratilgan bu kabi qulayliklar Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni oldidan harbiy xizmatchilarga munosib tuhfa bo‘ldi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati