Samarqandda “Amir Temur o‘g‘lonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” sport musobaqalari o‘tkazildi

0
654

Markaziy harbiy okrug Samarqand garnizonidagi harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tashkil topganligining 30 yilligi hamda vatanparvar oyligi doirasida Samarqand viloyatining 14 ta tumanlari va 2 ta shahar o‘quvchi yoshlari o‘rtasida Samarqand viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbarining sovrini uchun “Amir Temur o‘g‘lonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” sport musobaqalari o‘tkazildi.

Musobaqada xar bir jamoadan 7 nafar o‘g‘il bola va 3 nafar qizlar ishtirok etib, ishtirokchilar “safda qo‘shiq aytish”, “harbiy estafeta”,” jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish” va “Temur tuzuklari bilimdoni” shartlariga ko‘ra bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.

Tomirida ajdodlari qonayotgan samarqandlik yoshlarning shijoati va mahoratlarini mudofaa vaziri o‘rinbosari polkovnik Alisher Norboyev, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov, harbiy-ma’muriy sektor ma’sullari, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari hamda besh yuzga yaqin yoshlar bevosita kuzatib borishdi.

Qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda o‘tgan musobaqalar yakuniga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tumani jamoasi birinchi, Paxtachi tumani yoshlari ikkinchi va Pastdarg‘om tumani yoshlaridan iborat jamoa uchinchi o‘rinni egalladi.

– Biz bu tarzdagi musobaqada ilk marotaba mudofaa vaziri kubogi uchun o‘tkazilgan bahslarda ishtirok etgan edik. Bugunga kelib ushbu sport musobaqalari bizning hayotimizning bir bo‘lagiga aylandi, – deydi Urgut tuman jamoasi a’zosi Azizbek Rahimov. – Bu musobaqa biz uchun birinchi navbatda ko‘plab do‘stlar orttirishga va sport bilan muntazam shug‘ullanishga undayotganligi va kelajakda harbiy bo‘lishga chorlagani bilan ahamiyatlidir.

Musobaqa va turli nominasiyalar g‘oliblari harbiy-ma’muriy sektorning diplom va qimmatboho sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati