Inson qadri ulugʻlangan yurt

0
841

Yoshi ulugʻ insonlarning holidan xabar olish, ularga mehr koʻrsatish xalqimizga xos fazilatlardandir. Respublikamiz boʻylab bu yoʻnalishda ham qator tadbirlar tashkil etilmoqda. Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug faxriylar kengashi vakillari boshchiligida koʻp yillar davomida harbiy sohada faoliyat yuritib, hozirda pensiyada boʻlgan keksalar xonadoniga tashriflar uyushtirilyapti.
Isteʼfodagi mayor Isʼhoq bobo Hamroyev ham 21 yil davomida yurtimizning turli hududlarida Vatanga sadoqat bilan xizmat qildi. Yurt osoyishtaligi, uning ravnaqi yoʻlida bor kuch va bilimini namoyon etdi. Jasorat va mardlik xislatlari bilan oila boshi, farzandlarining ishongan togʻi boʻldi. Isʼhoq bobo Hamroyev mana, 81 yoshga toʻlgan boʻlsa ham oʻzini doimo yosh yigitdek hisoblaydi. Otadagi shijoat va hayotga boʻlgan muhabbat farzandlariga ham oʻtgan. Buni oiladagi doʻstona va bagʻrikeng muhitdan sezish qiyin emas. Hozirda faxriy harbiy sevimli oilasi bagʻrida nabiralari eʼzozida umrguzaronlik qilmoqda.

Tojinor Shukurov 20 yoshida mana shu sharafli kasbni tanlagan va shu yoʻnalishda 32 yil davomida xizmat qilib kelgan. “Kasbim menga hayotim davomida oʻzligimni anglashga sabab boʻldi. Ustozlarimiz va mashaqqatlarimiz orqali egallagan koʻnikmalarimiz hayotdan mamnun boʻlib yashash lozimligini oʻrgatdi” , – deydi suhbat davomida Tojinor Shukurov
Bugun ota kasbga boʻlgan qiziqish tufayli qahramonimizning oʻgʻli va nabiralari ham shu yoʻnalishda oʻz faoliyatlarini davom ettirishmoqda. Doimo toʻgʻri soʻz va toʻgʻri yoʻl koʻrsatib kelayotgan otaxon yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan mamnuniyat hissini tuysa, farzandlarining baxti-kamolini koʻrib, yana bir karra quvonadi.
Serquyosh diyorimizda mana shunday faxriylar kabi insonlar hamisha eʼzozda va eʼtiborda ekanligidan inson qadri naqadar yuksak ekanligining guvohi boʻlamiz.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati