Vatanparvar karvonlarining navbatdagi manzili Paxtachi va Zafarobod tumanlari boʻldi

0
546

Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, sarhadlarimiz daxlsizligi yoʻlida hamisha sergak, fidoyi Vatan himoyachilari borki, osmonimiz doimo musaffodir. Ammo vatanparvarlik nafaqat harbiylarimizning, balki shu yurtning farzandiman, degan barchaning burchidir. Ayni kunlarda joylarda boʻlib oʻtayotgan Qurolli Kuchlar tashkil topganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami tadbirlarida bu oʻzining yaqqol ifodasini topmoqda.

Bunga yurtimiz boʻylab vatanparvarlik oyligi doirasida oʻtkazilayotgan “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” degan ezgu shior ostidagi tadbirlar misol boʻla oladi.

Jumladan, Markaziy harbiy okrugning Kattaqoʻrgʻon garnizoni harbiy xizmatchilaridan tuzilgan targʻibot guruhi navbatdagi harbiy-vatanparvarlik festivalini oʻtkazish uchun Samarqand viloyatining eng chekka hududi hisoblangan Paxtachi tumanida boʻlishdi.

Fetival doirasida harbiy orkestr jamoalarining kuy-qoʻshiqlari, qurol-aslaha va texnikalar namoyishi yoshlar qalbida Vatanni himoya qilishga boʻlgan ishtiyoqni oshirgan boʻlsa, harbiy xizmatchilarning murakkab qoʻl jangi elementlari bilan chiqishlari yoshlar uchun oʻz taqdirini oʻzi belgilash, hur va ozod yashashning qadru ahamiyatini chuqur anglashga xizmat qildi.

Jizzax garnizonidagi harbiy xizmatchilardan tuzilgan targʻibot guruhining navbatdagi manzili esa Zafarobod tumani boʻldi. Tumanning markaziy maydonida tashkil etilgan tadbirda tuman hokimligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya va DXX chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari hamda tumanning aholi va yoshlaridan mingdan ortiq yurtdoshlarimiz ishtirok etishdi.

Harbiy orkestr sadolari ostida start berilgan ushbu festivalda tuman madaniyat boʻlimining folklor jamolari tomonidan tayyorlangan milliy anʼana va urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz va tarixiy-maʼnaviy merosimiz aks etgan sahna koʻrinishlari barchaning dillariga quvonch ulashdi.

Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining harbiy-sport texnikalari, kinologiya va otliq kavaleriya mutaxassislarining chiqishlari festival ishtirokchilarining qiziqishini oshirdi.

Xulosa qilib aytganda, “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” shiori ostida hududlar boʻylab safarga chiqqan ushbu vatanparvarlik karvonlari yoshu qarini bir joyga jamlab, barchaning qalbida milliy armiyamiz bilan gʻururlanish, uning saflarida mard, jasur oʻgʻlonlar singari xizmat qilish sharafli burch ekanligini chuqur anglash tuygʻularini oshirmoqda.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati