Harbiy pensioner holidan xabar olindi

199

Nukus garnizoni Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyoni harbiy xizmatchilari va Mudofaa vazirligi faxriylari armiya saflarida xizmat burchini bajarish vaqtida tan jarohati olgan isteʼfodagi harbiy xizmatchi kichik serjant Xalilullo Jumanov xonadonida mehmon boʻlishdi. Harbiy pensioner kutilmagan tashrifdan bagʻoyat shod boʻlib, mehmonlar bilan uzoq suhbat qurdi.

Muddatli harbiy xizmatni Qashqadaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida oʻtagan Xalilullo Vatanga xizmat qilishdek sharafli va masʼuliyatli sohada qolish istagini bildiradi. Bir yillik armiya hayotida toblangan Xalilullo, oradan hech qancha vaqt oʻtmay Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan birida shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi boʻlib, xizmatini davom ettiradi. 2010-yili X.Jumanov xizmat burchini bajarish vaqtida ogʻir tan jarohati olib, birinchi guruh nogironligi bilan haqiqiy harbiy xizmatdan pensiyaga chiqarildi. U 28 yoshdagi alpkelbat va norgʻul yigit edi.

Oʻsha kunlarni eslab, shunday deydi: “Yosh edim, yoshlik yillarimni Vatanimiz sarhadlarini himoya qilishdek sharafli yoʻlga bagʻishladim. Bundan sirayam afsuslanmayman. Vatan muqaddas, onamdek aziz. Harbiylarimiz tez-tez holimdan xabar olib turishadi. Ular bilan suhbatlashib, armiya yillarimni xotirlayman. Oʻsha damlarni sogʻinaman. Ikki oʻgʻil, bir qizning otasiman. Katta oʻgʻlim shifokor boʻlish niyatida, kichigim harbiy boʻlaman deydi. Oʻgʻillarim ham Vatanimizga munosib farzandlar boʻlib ulgʻayishsa, bundan ortiqroq baxt yoʻq, men uchun”.

Moddiy va maʼnaviy koʻmakdan shodlangan pensioner Xalilullo Jumanov Mudofaa vazirligi hamda harbiy okrug qoʻmondonligining eʼtibor va gʻamxoʻrliklaridan minnatdor ekanligini bildirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati