Jo‘yali fikr, asosli takliflar

0
1149

Qurolli Kuchlar akademiyasida Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʼmitasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonunining kontrakt boʼyicha harbiy xizmatni tashkil etish va oʼtashga oid qismining Xorazm viloyatida joylashgan harbiy qismlardagi ijrosi holatini oʼrganish natijalarini, shuningdek, Mudofaa vazirligi hamda Mudofaa sanoati davlat qoʼmitasi axborotini muhokama qilishga bagʼishlangan qoʼmita majlisi boʼlib oʼtdi.

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʼmitasi raisi Qutbidin Burxanov Xorazm viloyatidagi holat yuzasidan atroflicha maʼlumot beruvchi maʼruza qildi. Shundan soʼng soʼzga chiqqan mudofaa vaziri oʼrinbosari polkovnik Hamdam Qarshiev mamlakat Qurolli Kuchlari qurilishini rivojlantirish hamda harbiy xavfsizlikni taʼminlashning dolzarb masalalari yuzasidan Mudofaa vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʼgʼrisida batafsil toʼxtalib oʼtdi.

Mudofaa sanoati davlat qoʼmitasi raisi Oybek Ismoilovning qoʼmita tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʼgʼrisidagi taqdimoti senatorlar bilan savol-javoblarga ulanib ketdi. Qoʼmita majlisi joʼyali fikr, asosli takliflarga boy boʼldi. Koʼrilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinadigan boʼldi.

Kapitan Аziz NORQULOV,
Mudofaa vazirligi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti