Xorazmda Mudofaa ishlari boshqarma va boʻlimlari rahbarlari bilan oʻquv yigʻini oʻtkazildi

0
825

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Tashkiliy-safarbarlik bosh boshqarmasi boshligʻi rahbarligi ostida Xorazm viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi hamda viloyatning iqtisodiyot tarmoqlari negizida ikki kunlik oʻquv yigʻin mashgʻulotlari oʻtkazildi.

Mashgʻulotlarga Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tashkiliy-safarbarlik boshqarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarma va boʻlimlarining boshliqlari jalb etildi.

Yigʻinga kelgan shaxsiy tarkibning tayyorgarlik darajasi saf koʻrigi orqali tekshirildi. Shundan keyin, qoʻshinlarni yuqori jangovar shaylik darajalariga keltirishda viloyat, tuman va shahar mudofaa ishlari boshqarma va boʻlimlari tomonidan amalga oshiriladigan ishlar, xabarlantirish tizimi, safarbarlik resurslarini qabul qilish, jamlash va belgilangan joylarga yuborish boʻyicha amaliy mashgʻulotlar orqali namoyish etilib, soha xodimlarining bilim va koʻnikmalari oshirildi.

Harbiyga majburlarni jamlash hududiga chaqirish uchun aloqa va boshqa usullar yordamida samarali xabar berish tizimini qoʻllash, kelayotgan shaxsiy tarkibni qabul qilish hamda guruhlarga boʻlish, maxsus texnikalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish va jamlash hududiga yigʻish boʻyicha koʻrgazmali mashgʻulotlar orqali koʻrsatib berildi.

Shuningdek, yigʻin doirasida oʻsib kelayotgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular bilan chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik mashgʻulotlarini sifatli oʻtkazish, yoshlarimiz qalbida milliy armiyamiz bilan gʻururlanish, harbiy xizmatni oʻtash sharafli va masʼuliyatli burch ekanini chuqur singdirish boʻyicha alohida mashqlar tashkil etildi. Soha vakillari tomonidan yaqinlashib kelayotgan Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida yurtimizda joriy etilgan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida aholi va keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda harbiy-vatanparvarlik tadbirlarini sifatli oʻtkazish boʻyicha zarur tavsiyalar berildi.

Yigʻin soʻngida mashgʻulotlarga yakun yasalib, faol ishtirokchilar munosib ragʻbatlantirildi. Sohada korrupsiya va jinoyatchilikning oldini olish, faqatgina halol mehnat va sadoqatli xizmat orqali erishish mumkinligi taʼkidlab oʻtildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati