Qoraqalpog‘iston va Toshkentdagi harbiy xizmatchilar yaqinlari bilan onlayn uchrashdi

0
510

“Vatanparvarlik oyligi” doirasida Nukus va Toshkent shaharlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar va ularning yaqinlari bilan teleko‘prik o‘rnatilib, “Mening akam – Vatan himoyachisi” nomli onlayn uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Shimoli-g‘arbiy va Toshkent harbiy okruglari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining harbiylashgan bo‘linmalarida yigitlik burchini o‘tayotgan toshkentlik va qoraqalpog‘istonlik muddatli harbiy xizmatchilar va ularning ota-onalari, aka-uka, opa-singillari real vaqt mezonida ekran orqali diydorlashish baxtiga muyassar bo‘ldi.

Milliy armiyamizda olib borilayotgan tub islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan zarur shart-sharoitlar va ular ijtimoiy himoyasi yo‘lida amalga oshirilgan qator chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, bugun Qurolli Kuchlarimizga havas ko‘zi bilan boqayotgan minglab nigohlarni uchratamiz. Yoshlar orasida esa armiya saflarida xizmat qilish, tom ma’noda kundan-kunga ortib borayotgan ezgu maqsadga aylanayotganining guvohi bo‘lamiz.

Yangi yil bayrami arafasida tashkil etilgan videomuloqat esa ming chaqirim olislarda farzandini sog‘ingan ota-onalar va aka-ukalarga chinakam bayramona tuhfa bo‘ldi. Shu bahona askarlar harbiy xizmatda erishgan yutuqlari, oldiga qo‘ygan yangi orzu-maqsadlari haqida uydagilariga so‘zlab berdi.

– Nabiram askar bo‘laman, deb armiyaga otlangan edi, – deydi Qo‘ng‘irot tumanidan kelgan otaxon Isoq Soliyev. – Mana hozir nabiramni ko‘rdim, ancha ulg‘ayibdi. Kelishgan qaddi-qomatidan haqiqiy Alpomishni yodga soladi. Ukasi ham akasidan o‘rnak olib, armiyaga borishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. So‘nggi yillarda Qurolli Kuchlarimizdagi o‘zgarishlar o‘sib kelayotgan avlodni harbiy sohaga qiziqtirish bilan bir qatorda, ularning haqiqiy vatanparvar inson bo‘lib ulg‘ayishiga ham zamin yaratayotgani, albatta quvonarli.

Onlayn uchrashuvda namunali xulqi, harbiy xizmat davomida majburiyatlarga sidqidildan yondashib, safdoshlariga shaxsiy namuna ko‘rsatayotgan askarlarning ota-onalariga qo‘mondonlikning tashakkurnomalari o‘qib eshittirildi. Toshkent viloyatida xizmat qilayotgan qoraqalpog‘istonlik askarlarning ota-onalariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tashakkurnomalari tantanali tarzda topshirildi.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Nukus filialida tahsil olayotgan yosh va umidli ijodkor talabalar tomonidan botirlik va qahramonlikni ulug‘lovchi musiqiy chiqishlar uchrashuvga qizg‘in kayfiyat ulashdi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati