Yangi harbiy markazning qaldirgʻochlari xizmatga yoʻl oldi

0
825

“Yangiariq” umumqoʻshin poligoni negizida harbiy xizmatchilarning choʻl sharoitida yashovchanligini oshirish, ogʻir ekstremal vaziyatlarda yashab qolish sirlarini oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan yangi harbiy markazda ilk bitiruv marosimi boʻlib oʻtdi.

Iqlimi oʻzgaruvchan, cheksiz qumliqlardan iborat boʻlgan hududlarda birinchi navbatda harbiy xizmatchilarning yashovchanligini oshirish, qoʻyilgan jangovar vazifani sifatli bajarilishiga erishish maqsadida poligon negizida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boʻlinmalarini choʻl sharoitida tayyorlash markazi yaratilib, unda birinchi 14 kunlik oʻquv kursini tamomlagan 48 nafar harbiy xizmatchiga tegishli sertifikatlar tantanali tarzda topshirildi.

Tantanali bitiruv marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi hamda Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlari ishtirok etib, yaratilgan ushbu markaz hududimiz iqlimi, relyefi va tabiiy sharoiti bilan harbiy xizmatchilarni choʻl hududida yashay olishga va jangovar vazifalarni sifatli bajarishga oʻrgatishi bilan ahamiyatli ekanligini taʼkidlab oʻtishdi. Bu yerda oʻrganuvchilar tomonidan olingan nazariy bilim va amaliy koʻnikmalar, endilikda harbiy jamoalarda ham keng targʻib etilishiga ishonch bildirildi.

Darvoqe, bugun Xorazm viloyatidagi kuch tuzilmalarining jangovar tayyorgarlikdan amaliy mashgʻulot jarayonlarini oʻtkazish uchun 4 ming gektar yer maydoniga ega boʻlgan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugining “Yangiariq” umumqoʻshin poligoni barcha qulayliklarga ega boʻldi.

Boʻlinmalarni choʻl sharoitida tayyorlash markazi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish uchun poligon hududidagi harbiy topografiya, razvedka, otish va tibbiy tayyorgarliklar, shuningdek yashovchanlikni oshirish xonalaridan iborat oʻquv binosi, koʻrgazmali eksponatlardan iborat boʻlgan hamda amaliy mashgʻulotlarni olib borishga moʻljallangan ikkita yashovchanlik shaharchalari, 150 oʻrinli yotoqxona hamda markaz shaxsiy tarkibining xizmat xonalari ajratildi. Shuningdek, poligondagi boshqa ijtimoiy va jangovar tayyorgarlik obyektlari markazda tahsil oladigan harbiy xizmatchilarga xizmat koʻrsatishi belgilandi.

Amaliy mashgʻulotlarni oʻtkazishga moʻljallangan Yashovchanlik shaharchasida sahroda olov topish, suv topish va tozalash hamda zaxirasini yaratish, ov qilish va oziq-ovqat zaxirasini gʻamlash, ovqat tayyorlash, tibbiy yordam koʻrsatish, hududda boʻlinmalarning joylashuvi uchun pana joylarini jihozlash hamda niqoblash, kuzatuv ishlarini olib borish kabi oʻquv joylari barpo etildi. Taʼkidlash joizki, yaratilgan barcha obyektlar hududdagi mavjud boʻlgan mahalliy predmet va oʻsimliklardan qoʻlbola usulda yasalishiga, joyga mos holda niqoblanishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati