“G‘alaba bog‘i”da keng qamrovli yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi

0
859

Xabaringiz bor, yurtimizda 25-noyabrdan 25-dekabrgacha “O‘zbekiston yoshlari forumi – 2021” haftaligi doirasida “Yoshlar oyligi” oʼtkazilmoqda. Bugun “G‘alaba bogʼi” yodgorlik majmuasida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan keng qamrovli yoshlar festivali boʼlib oʼtdi.
“Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” shiori ostida Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbir Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʼshinlari qoʼmondonliklari, Oʼzbekiston mudofaasiga koʼmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti hamda Oʼzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda oʼtkazildi.


Festival doirasida zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar koʼrgazmasi, togʼ tayyorgarligi anjomlari va jihozlari, aloqa vositalari va robototexnika namunalari, har xil turdagi oʼquv parashyutlari jamlanmasi, muhandislik jihozlari, Oʼzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʼmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Toshkent shahar kengashining harbiy-texnik va sport klublari (poyga, karting, motokross, aviamodellashtirish, biatlon, radiohavaskor) namoyishi ayniqsa, yoshlarda katta qiziqish uygʼotdi. Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya harbiy orkestrlarining musiqiy chiqishlari (defile), Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari tomonidan tayyorlangan qurol bilan koʼrgazmali saf mashqlari va qoʼl jangi boʼyicha namoyishlari esa barchaga yuqori kayfiyat baxsh eta oldi. Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklari mutaxassis kinologlarining koʼrgazmali chiqishlari, Mudofaa vazirligi “Impulьs” va “Navqiron” jamoalari, Milliy gvardiyaning “Аlvon beretchilar” jamoasining kontsert dasturi namoyish etildi.
Shuningdek, Qurolli Kuchlar faxriylari, aholi, oʼquvchi-yoshlar, uyushmagan yoshlar, kursantlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun “Gʼalaba bogʼi” yodgorlik majmuasiga ekskursiya tashkillashtirildi.

Leytenant Islomjon QOʼCHQOROV,
Mudofaa vazirligi Аxborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti