Oila osoyishtaligi – xotirjam xizmat omili

1

Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug hududida joylashgan harbiy qismlardan birida qo‘mondonlik harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassis Qurolli Kuchlar xizmatchisi Dilbar Husanova tomonidan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning muammolari o‘rganildi.

Davlatimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirishda harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini mustahkamlash eng muhim masalalardan sanaladi. Oilasida tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalik va farovonlik bo‘lgan harbiylar yurt sarhadlarini ko‘ngil xotirjamligi ila himoya qilishadi. Bugun faxr bilan tilga olish mumkinki, Mudofaa vazirligi tizimida harbiylarning ijtimoiy himoyasi yo‘lida amalga oshirilgan islohotlar doirasida eng dolzarb muammolardan biri bo‘lgan uy-joy ta’minoti, salomatligini ta’minlash borasida zarur chora-tadbirlar izchil yo‘lga qo‘yilgan. Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorga asosan harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim yo‘nalishlariga davlat granti asosida belgilangan umumiy qabul kvotalarining besh foizi miqdorida davlat granti asosidagi qo‘shimcha qabul kvotalari ajratilgan bo‘lib, bugun harbiylarning xonadonlarida eng nufuzli harbiy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar safi kengayib bormoqda. Bu kabi imtiyozlar ofitser va askarlarimizning fidoyilik, burchga sadoqat bilan xizmat qilish, o‘zining professional tayyorgarligini oshirib borishiga zamin yaratmoqda.

Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligiga qarashli mazkur harbiy qismda olib borilgan o‘rganishlar natijasida harbiylar va ularning oilalari yaratilayotgan shart-sharoitlar va imtiyozlardan xursand ekanligini bildirib o‘tishdi.

Shu kuni ko‘p bolali bir guruh harbiylarning oilalaridan xabar olinib, qo‘mondonlikning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti