Nurota va Kattaqoʼgʼon tumanlarida urush faxriylari holidan xabar olindi

0
529

Oʼzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining tashkil etilganligining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni arafasida oʼtkazilayotgan “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” shiori ostidagi tadbirlar doirasida Markaziy harbiy okrugning harbiy xizmatchilari bugungi tinch va osoyishta kunlarning sababchisi boʼlgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olishdi.

Jumladan, Navoiy garnizoni harbiy xizmatchilari Nurota tumanidagi Sayitjon eshon qishlogʼida istiqomat qiluvchi Mavlon bobo Аzimovning honadonida boʼlishdi.

Suhbat jarayonida urush faxriysi Vatan himoyasi uchun kechgan janglarda oʼzbek oʼgʼlonlarining jasorati, koʼrsatgan qahramonliklari haqida ham oʼrtoqlashib, mehmonlar qalbida faxr va iftixor tuygʼularini shakllantirdi.

Shuningdek, urush yillaridagi ocharchilik, oʼtmishning mashaqqatlarini mehmonlarga soʼzlab berib, bugungi farovon turmushimizga koʼz tegmasligini tiladi.

Shu kuni Kattaqoʼrgʼon garnizoni harbiy xizmatchilari ham Kattaqoʼrgʼon tumani Bogʼot MFY da istiqomat qiluvchi 97 yoshli Rahmatjon ota Qobilov honadonida boʼlishdi.

Rahmatjon ota 1943 yildan boshlab urush oʼchoqlari, jumladan Polsha, Avstriyaning Vena shahrida kechgan janglarda bir qancha oʼzbek yigitlari bilan bir safda turib fashistlarga qarshi kurashganligini va erishilgan gʼalaba onlaridagi xursandchiligini boʼlishdi.

Rahmat ota 1943-yil 363-artilleriya diviziyasida, 1944-yil 32-tankchilar polkida xizmat qildi. Keyin maxfiy boʼlim aloqachisi lavozimiga oʼtkazildi. 1945-yil Berlin ostonasidagi janglarning birida oyogʼidan yaralanib Moskvadagi gospitalga yuborildi va shu tariqa ogʼir yarador holida gʼalabani qarshi oldi.

Bugun u kishining koʼrsatgan jasorati va matonati tufayli koʼksini orden va medallar toʼldirib turibdi. Boboning oʼtmishi esa harbiy xizmatchilar uchun shonli tariximizning bir sahifasi boʼlib qoldi.

Harbiy xizmatchilar fashizm ustidan gʼalaba qozonishda munosib hissa qoʼshgan va urushning azob-uqubatini chekkan har ikki faxriyga sovgʼalar ulashib, bugungi kunlar uchun minnatdorchilik bildirishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati