Mudofaa vaziri Polsha Milliy xavfsizlik byurosi rahbari bilan uchrashuv o‘tkazdi

2

Bugun, 14 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Polsha Milliy xavfsizlik byurosi rahbari Pavel Solox bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv doirasida tomonlar ikki davlat mudofaa idoralari o‘rtasida harbiy hamkorlikning hozirgi kundagi holati va istiqbollarini muhokama qilishdi. Jumladan, harbiy kadrlarni tayyorlash, O‘zbekiston hamda Polsha oliy harbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek harbiy texnika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Pavel Solox samimiy qabul uchun Bahodir Qurbonovga minnatdorlik bildirdi.

Polsha harbiy delegatsiyasining ertaga qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahriga sayohati rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti