Saylov qonunchiligiga doir davra suhbati

2

Markaziy harbiy okrugning madaniyat va ma’rifat markazida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi qo‘mondonligi va  O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi bilan hamkorlikda yoshlarga Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va saylov jarayoni to‘g‘risidagi bilimlarni berish maqsadida “Yoshlarning siyosiy bilimlari va huquqiy madaniyatini yuksaltirish” mavzusida davra suhbati hamda “O‘z kelajagimni o‘zim belgilayman – sizchi?” mavzusida savol-javob kechasi tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi vakillari, tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat Kengashi xodimlari, “Kelajak liderlari” klubi a’zolari va harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar tomonidan joriy yilning oktabr oyida davlatimizda muhim siyosiy jarayon – Prezident saylovi bo‘lib o‘tishi, ana shu saylovoldi jarayonlarda har bir saylovchi ovoz berayotgan nomzodi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishi, saylovda qatnashish tartibini bilishi va oila a’zolariga buni yetkazishi, saylov jarayonlariga mas’uliyat bilan yondashishi lozim ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Tadbirda yangi qabul qilingan saylov kodeksi va undagi o‘zgarishlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

– Bunday saylov qonunchiligiga doir davra suhbatlari harbiy okrugimizdagi barcha harbiy qismlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, maqsadimiz, harbiy xizmatchilarga saylov qonunchiligiga doir o‘zgarishlarni o‘z vaqtida yetkazish va davlatimizda muhim siyosiy jarayon – Prezident saylovida faol ishtirok etishga chorlashdan iborat, – deydi mayor Husan G‘oziyev.

Shundan so‘ng harbiy qismda tashkil etilgan saylov uchastkalari bilan tanishildi va kerakli maslahatlar berildi.

Davra suhbati savol-javoblarga boy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati