Harbiy xizmatchilar Olimpiada chempionlari bilan uchrashdi

2

Mudofaa vazirligining Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarining birida yurtimiz bayrog‘ining jahon arenalarida yuksaklarga ko‘tarilishiga sababchi bo‘lgan Olimpiada chempionlari bilan harbiy xizmatchilar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda og‘ir atletika bo‘yicha 109 kg vaznda Osiyo chempioni, Jahon chempioni, “Rio-2016” Olimpiya o‘yinlari chempioni Mudofaa vazirligi Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi sportchisi leytenant Ruslan Nuriddinov va 106 kg vaznda “Tokio-2020” yozgi Olimpiada o‘yinlari rekordchisi, chempioni Akbar Jo‘rayevlar ishtirok etishdi.

Uchrashuv avvalida sportchilar og‘ir atletikaga kirib kelishi, nufuzli musobaqalardagi qizg‘in bahslar, erishgan yuksak natijalari va kelajakdagi rejalari haqida o‘rtoqlashish bilan birga yigit kishi irodali, chidamlilik kabi sifatlarga ega bo‘lishi lozimligini aytib o‘tishdi.

Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tkazildi. Harbiy xizmatchilar chempionlarga sport yo‘nalishi va boshqa o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat etishib, yetarlicha javob olishdi.

Shu bilan birga chempionlar harbiy qismda harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilot yetakchisi xonasi, kutubxona kabi ma’naviy maskanlar va sport zal bilan tanishishdi.

Yakunda chempionlarga harbiy qism komandirining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

– O‘zbekiston iftixorlari bo‘lmish Olimpiada chempionlari bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlar biz harbiylarga ishonib topshirilgan jangovar vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishda qo‘shimcha kuch va shijoat bag‘ishlaydi ,– deydi harbiy qism komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari mayor Murodbek Avazov.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti