Vatan sha’nini dunyoga taratayotganlar munosib taqdirlandi

19

Bugun, 11-sentabr kuni poytaxtimizning muhtasham “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida “Armi–2021” Xalqaro armiya o‘yinlari g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov, turli idora va jamoatchilik tashkilotlari vakillari, faxriy mehmonlar, harbiy xizmatchilar, musobaqa g‘oliblari, taniqli san’atkorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Jahonning 42 ta davlati Qurolli Kuchlari ishtirok etgan joriy yilgi “ArMI-2021” Xalqaro armiya o‘yinlarida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 24 ta jamoasi mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi. E’tiborlisi, O‘zbekiston bu yil 4 ta oltin, 9 ta kumush, 4 ta bronza medallarni qo‘lga kiritdi. 10 ta rekord natijalarni qayd etdi. Umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘ringa loyiq deb topildi. Bu zafarlar so‘nggi yillarda Qurolli Kuchlarda olib borilgan tub o‘zgarishlar, yangilanishlar natijasidir.

Bayramona tadbirda Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning qaroriga muvofiq Xalqaro armiya o‘yinlarida faxrli o‘rinlarni egallagan jamoa a’zolari va musobaqalarda rekordlar qayd etgan harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qo‘l soati, pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, Xalqaro armiya o‘yinlarida alohida jonbozlik ko‘rsatgan harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar muddatidan oldin topshirildi.

Shuningdek, tadbir davomida Tokioda o‘tkazilgan XVI yozgi paraolimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, 8 ta oltin, 5 ta kumush va 6 ta bronza medallarni qo‘lga kiritgan shijoatli, matonatli sportchilarimizning ulkan yutuqlari ham yuksak e’tirof etildi – “Namunali xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alari, davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Marosimning badiiy qismida yig‘ilganlarga taniqli san’atkorlar, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansamblining ijodkorlari tomonidan Vatan, sevgi-muhabbat, bag‘rikenglik, do‘stlik kabi chin insoniy tuyg‘ularni tarannum etgan diltortar kuy-qo‘shiqlar taqdim qilindi. Folklor jamolarning milliy raqslari va ijrolari ham barchaga yuqori kayfiyat baxsh etdi.

E’tibor va e’tirofdan xushnud bo‘lgan vatanparvar, fidoyi va jasur harbiy xizmatchilarimizni kelgusida ham yurtimiz dovrug‘ini bundan-da yuqorilarga ko‘tarishiga ishonamiz.

 

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti