Mustahkam oila – jamiyat tayanchi

2

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug harbiy qism va muassasalarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar va harbiy xizmatchilarning oila a’zolari bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassislarining bir kunlik o‘quv-uslubiy yig‘ini bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida o‘tkazilgan tadbirda harbiy okrug va harbiy qism yetakchi mutaxassislari, Qarshi harbiy prokuraturasi, Qashqadaryo viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.

Darhaqiqat, mustahkam oila – jamiyat tayanchi. Mazkur tadbirda ham ayni shu maqsadni ko‘zlagan holda ko‘plab masalalar o‘rtaga tashlandi. Qatnashchilar “Harbiy xizmatchilarning oilalarida kelishmovchilik va nizolarning asosiy sabablari va oqibatlari”, “Mahallalarda yashaydigan harbiy oilalarning turmush tarzi”, “Harbiy oilalarga yaratilayotgan shart-sharoitlar” to‘g‘risida so‘z yuritib, uchrayotgan muammolarga yechim topishda barcha birdek mas’ul ekanligini ta’kidladi.

Tadbir doirasida muammoli savollar o‘rtaga tashlanib, uning yechimi mutaxassislar tomonidan alohida nazoratga olindi.

Shuningdek, tadbir davomida internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etilishi ham tushuntirb o‘tildi. Ishtirokchilarga oila mustahkamligini saqlash borasida film namoyish etildi. Yig‘in so‘nggida bilim yurti faoliyati bilan yaqindan tanishgan qatnashchilar shu dargohda ta’lim olayotgan kursantlar bilan suhbat qurishdi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati