Milliy o‘zbek adabiyoti yoshlar nigohida

2

Mudofaa vazirligi tizimida harbiy xizmatchilarning keng jamoatchilik vakillari, xususan, shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar bilan birgalikda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuv hamda davra suhbatlari uyushtirishi an’ana tusiga kirgan. Bularning zamirida harbiylarimiz o‘zlarining bo‘sh vaqtlarini maroqli, ayni damda foydali o‘tkazishi, qolaversa, vatanimiz tarixi va bugunini teran anglashi, ularda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini hamda vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada boyitish, harbiy burchini bajarishda ruhan, ma’nan va jismonan tetiklikni o‘zida mujassam eta olishi kabi maqsadlar yotibdi.

Termiz garnizonida xizmat qilayotgan  harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar xizmatchilarini ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini mustahkamlash, ularda vatanparvarlik, vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyalariga sodiqlik, Qurolli Kuchlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirish, buyuk ajdodlarimizning hayoti va faoliyatidagi yorqin misollarni targ‘ib qilish orqali, jasurlik va mardlik, faxr va iftixor tuyg‘ularni oshirish maqsadida Surxondaryo viloyati Termiz shahrida joylashgan adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot kutubxona markazida o‘zbek adabiyoti namoyondasi Ishoqxon Ibrat tavalludiga bag‘ishlab “Milliy o‘zbek adabiyoti yoshlar nigohida” mavzusida xotira kechasi o‘tkazildi.

Tadbirda Surxondaryo viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Surxondaryo viloyati mintaqaviy bo‘linmasi, Termiz harbiy prokuraturasi, “Veteran” jangchi-faxriylar va nogironlar birlashmasi Surxondaryo viloyat bo‘limi, shoir va adiblar, Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali va Termiz davlat universiteti o‘qituvchilari, axborot kutubxona markazi xodimlari va Termiz shahar 16-sonli umumta’lim maktabi bir guruh o‘quvchi yoshlari hamda mudofaa ishlar boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazi o‘quvchilari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar tomonidan o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga sezilarli hissa qo‘shgan atoqli adib va jamoat arbobining ijodiy merosi bugungi kunda yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga muhabbat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlarda nechog‘liq qo‘l kelayotgani ta’kidlab o‘tildi. Tadbir davomida shoirning kitobxonlar qalbidan joy olgan durdona asarlaridan parchalar o‘qilishi barchada iliq taassurot qoldirdi. Tadbir so‘ngida yosh ijodkorlarga faxriylarimiz tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

III darajali serjant Akbar AHMYeDOV,
Termiz garnizoni