Uchquduqdagi poligonda harbiy oilalar ishtirokida qiziqarli tanlov o‘tkazildi

3

Mudofaa vazirligining Navoiy viloyati Uchquduq tumanida joylashgan harbiy qismlarining birida jismoniy sifatlarni takomillashtirish hamda harbiy oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ishtirokida bir qator sport musobaqalari o‘tkazildi.

Tadbirda tumani hokimligi, mudofaa ishlar bo‘limi, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman kengashi, yoshlar hamda oilani qo‘llab-quvvatlash markazi xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida harbiy xizmatchilar bilan bir qatorda bekalarning ham chaqqonligi, shijoatliligi, pazandaligi, merganligi, ularning farzandlari o‘rtasida rasm chizish, she’r aytish kabi ijodiy tanlovlar o‘tkazildi.

E’tiborli jihati shundaki, tadbirdan o‘rin olan barcha chiqishlar ochiq osmon ostida, mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan yangidan qurilib foydalanishga topshirilgan dala o‘quv maydonida o‘tkazildi.

Yakunda tanlov g‘oliblari va namunali harbiy oilalar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Uchquduq tumani madaniyat saroyi xodimlari hamda harbiy qism badiiy havaskorlik jamoasining musiqiy chiqishlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari bilan o‘tkazilayotgan bu kabi amaliy ishlar Vatan ichra kichik Vatan bo‘lgan oilalarimiz mustahkamligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti