Toshkentda yana bir xalqaro konferensiya o‘tkaziladi

2

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda “Valday” xalqaro munozara klubi hamkorligida joriy yilning 20-sentyabrida Toshkent shahrida “Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Ushbu konferensiya institut hamda klub o‘rtasida 2019-yil Samarqandda boshlangan muloqotning davomi bo‘lib, O‘zbekiston va Rossiya ekspertlarining hamkorlikdagi ikkinchi tadbiri hisoblanadi.

Tadbirda ikki mamlakatning yuqori martabali vakillari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenkolar qatnashishadi.

Shu bilan birga, Toshkentdagi platformada ikki davlatning yetakchi mutaxassislari ham, jumladan, O‘zbekiston tomonidan – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Jumayev, shuningdek, Rossiya tarafidan – “Yandeks Go” kompaniyasining korporativ aloqalar bo‘yicha direktori Aleksandr Visotskiy, Rossiya temir yo‘llarining xorijiy loyihalar va xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Anton Kozlov, “Valday” xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi boshqaruvi raisi Andrey Bistritskiy, “Valday” xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tadqiqotlari direktori Fyodor Lukyanov, “Valday” xalqaro munozara klubi dastur direktori Timofey Bordachev va boshqalarning ham ishtirokida ko‘zda tutilgan.

Yuqori darajadagi navbatdagi muloqot o‘tkazilishining asosiy sabablaridan biri, shubhasiz, mutaxassis va ekspertlarning O‘zbekistonga bo‘lgan katta qiziqishi bilan bog‘liq. Aholi soni bo‘yicha mintaqada yetakchi, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish salohiyati hamda qudratli Qurolli Kuchlarga ega O‘zbekiston Markaziy Osiyoda alohida o‘rin tutadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar yanada izchil rivojlanmoqda. Siyosiy va diplomatik aloqalar ittifoqchilik va strategik sheriklikning haqiqiy xususiyatiga ega bo‘ldi. 2020-yilgi pandemiya davrida savdo aylanmasi 5,6 milliard dollargacha kamayganiga qaramay, ushbu ko‘rsatkich 2016-yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘pdir. 2021-yilning birinchi yarmida tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga ortib, 3,7 milliard dollarni tashkil etdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning uzoq muddatli rejalari ham o‘zaro savdo hajmini yanada oshiradi.

Ushbu tamoyil iqtisodiy hamkorlikdagi boshqa ko‘rsatkichlarda ham namoyon bo‘lmoqda. Oxirgi to‘rt yilda O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 915 tadan qariyb 3 mingtaga yetdi. Hatto 2020-yil, pandemiya davrida ham Rossiya kapitali ishtirokida 240 ta yangi korxona ishga tushirildi.

Bugungi kunda 2019—2024-yillarga mo‘ljallangan Iqtisodiy hamkorlik dasturi, shuningdek, umumiy qiymati 25 milliard dollarga teng 800 dan ortiq savdo-investitsiyaviy bitim va memorandumlar doirasida faol ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu konferensiyada O‘zbekiston va Rossiya munosabatlarining asosini tashkil etuvchi yo‘nalishlar va boshqa dolzarb mavzularni ko‘rib chiqish rejalashtirilgan. “Markaziy Osiyoda islohotlar va taraqqiyot: Rossiya va O‘zbekistonning yondashuvlari. Ikki tomonlama o‘zaro munosabatlarning gumanitar jihatlari”, “Mintaqaviy xavfsizlik: tashqi va ichki omillar”, “Markaziy Yevroosiyodagi xalqaro savdo va integratsiya” kabilar shular jumlasidandir.

Konferensiyaning ochilish, birinchi sessiyasi, shuningdek yopilish qismi ommaviy axborot vositalari va keng auditoriya uchun ochiq bo‘lib, internet orqali onlayn-translyatsiya qilinadi.

Konferensiya doirasida “Valday” xalqaro munozara klubi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ko‘magida tayyorlangan “Yevroosiyoning temir ustuni: yutuqlar, muammolar va mintaqaviy bog‘liqlik istiqbollari” nomli yangi to‘plamning taqdimoti ham o‘tkaziladi. Ushbu tahliliy hujjat Yevroosiyodagi transport va logistika sohasiga bag‘ishlangan bo‘lib, temir yo‘l aloqasini rivojlantirishga qaratilgan.