Harbiylarning e’tibori Xo‘jayli tuman yoshlarida olijanob fazilatlarni ulg‘aytiradi

2

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning tayanch maktabi sifatida tanlab olindi.

Shu munosabat bilan umumta’lim muassasasida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, Xo‘jayli tumani hokimi Jenis Yermashev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tuman maktablarining chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar oliy Bosh Qo‘mondoni raisligida shu yilning 12-yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bugungi kunda global axborot makonidagi qarama-qarshilik, inson, ayniqsa yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurashning kuchayishi sharoitida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining roli va ahamiyati ortib borayotgani haqidagi fikrlari aytib o‘tildi.

Mamlakatimiz aholisini va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlarda harbiy okruglar qo‘mondonliklariga kamida 10 tadan maktabni otaliqqa olish hamda harbiy qism komandirlari tomonidan ularda vatanparvarlik va harbiy shon-sharaf darslarini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan edi.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishilgan holda har bir tumanda bittadan maktab tanlanib, Mudofaa vazirligiga 17 ta tayanch maktablari biriktirildi.

Qo‘mondon o‘z nutqida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Qoraqalpog‘istonlik yoshlarining oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni topshirishning bu yilgi ko‘rsatkichi o‘tgan yilga nisbatan 221 foizga ortganini e’tirof etdi. Tayanch maktablari sifatida tanlangan ta’lim muassasalari haqiqiy vatanparvar, sadoqatli, yurtsevar yoshlarni tarbiyalaydigan eng oldi maskanlar bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Tadbir davomida qo‘mondon ushbu maktabni endilikda harbiylar otaliqqa olganining ramziy ma’nosi sifatida maktab direktoriga Mudofaa vazirligining bayrog‘ini topshirdi.

Shundan keyin mehmonlar maktabda o‘quvchilarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, ma’nan va jismonan toblanishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Xususan, maktabda o‘quvchilarning jismoniy tayyorgarlik va sport bilan shug‘ullanishi uchun tuman hokimligi tomonidan maktab hovlisining 200 kvadrat metr maydonida “Workout” maydonchasi, 300 kvadrat metr beton qoplamali saf madoni qurildi. Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi hamda viloyat tuman mudofaa ishlari bo‘limi ko‘magi bilan maktabning Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik o‘quv sinfi talablarga mos tarzda jihozlandi.

O‘quvchilarga boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikdan sifatli ta’lim berish uchun barcha qulayliklarga va ko‘rgazmali o‘quv qurollariga ega bo‘lgan sinfxona, pnevmatik miltiqdan o‘q otish uchun alohida tir, mustaqillik yillarida Vatanimizni himoya qilishda jon fido qilgan harbiy xizmatchilarning xotirasini abadiylashtirish uchun ajratilgan “Xotira burchagi” endilikda o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarini harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga katta hissa qo‘sha oladi.

Tuman xonandalari hamda o‘quvchi-yoshlar tomonidan kuylangan kuy va qo‘shiqlar, harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali saf elementlari bilan chiqishlari va qo‘l jangi namoyishlari barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Maktab o‘quvchilarining ijod namunalari mehmonlarda iliq taassurotlar qoldirdi.

Ta’kidlash joizki, maktab hovlisida Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi fidoyilarcha kurashib, jasorat ko‘rsatgan Sovet ittifoqi qahramoni Jumagali Kaldikarayev xotirasiga o‘rnatilgan me’moriy yodgorlik o‘sib kelayotgan avlod vakillariga ota-bobolarimiz qahramonligi haqida so‘zlasa, harbiy xizmatchilar tomonidan berilgan yuksak e’tibor va g‘amho‘rlik ularda yurtga sadoqat, vatanparvarlik, insoniylik kabi olijanob fazilatlarni ulg‘aytiradi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati