Yoshlik va sog‘liq doimiy e’tiborga muhtojdir

2

“2021-yil – yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” va “Sog‘lom avlod” davlat dasturiga asosan Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari sog‘lig‘ini tiklash va kasalliklarning oldini olish yuzasidan chuqurlashtirilgan bepul tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Andijon viloyati Xonobod shahrida joylashgan harbiy qismlarning birida harbiy xizmatchilarning oila a’zolari va farzandlari uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko’rik tashkillashtirildi.

Tibbiy tekshiruvlar jarayonida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan psixolog, pediatr, onkomammolog, endokrinolog, Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasidan jarroh, terepevt, ginekolog, dermatolog, diyetolog, okulist, lor, kardiolog kabi mutaxassislarini jalb etgan holda mobil oftalmologik klinika va UZI, EKG kabi 4 turdagi zamonaviy diagnostik uskunalari bilan birga qon tahlillarini o‘tkazish uchun laboratoriya jihozlari harbiy qismga keltirildi.

Tekshiruvlar davomida harbiy xizmatchilarning oila a’zolari sog‘lig‘i yuzasidan muammo va shikoyatlari tinglanib, shu yerning o‘zida tashxislar qo‘yildi va davo muolajalari belgilandi. Qo‘shimcha tekshiruv lozim bo‘lganlarga viloyat va Respublika markaziy shifoxonalaridan bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanmalar berildi.

Shu kuni 150 nafar harbiy xizmatchilarning turmush o‘rtoqlari va 340 nafar farzandlari chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tdilar.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Andijon viloyati filiali mutaxassislari tomonidan 15 xil nomlanishdagi dori-darmon va tibbiy vositalar bepul tarqatildi.

Tekshiruvlar davomida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tish davriyligi, ortiqcha vazndan sog‘lom tarzda voz kechish to‘g‘risida tushunchalar berilib, oilada sog‘lom tibbiy muhit va sog‘lom turmush tarzini yaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Bundan tashqari, shu kuni bir guruh ko‘ngilli harbiy xizmatchilar Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan 1-sonli Mehribonlik uyiga tashrif buyurib, tarbiyalanuvchilar bilan “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi” mavzusida suhbat tashkillashtirildi. Suhbat yakunida xayriya sovg‘alari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti