Tarixiy natijalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani

3

– “ArMI – 2021” musobaqasida qatnashgan harbiy xizmatchilarni saralab olish masalasi qanday bo‘ldi?
– Musobaqaga tayyorgarlik jarayonida ko‘proq nimalarga e’tibor qaratildi?
– Ishtirokchi jamoalar ichidan musobaqa oldi koronavirusga chalinish holatlari kuzatildimi?
– Yurt sharafini ko‘targan harbiylarmizni taqdirlash ishlari qanday bo‘ladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida VII Xalqaro armiya o‘yinlari g‘oliblari, murabbiylari va rekordchilari ishtirokida  “ArMI – 2021”: O‘zbekiston jamoalarining Xalqaro armiya o‘yinlaridagi tarixiy natijalari” mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumani shu va shu kabi savollar atrofida kechdi.

Unda mudofaa vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi polkovnik Bahrom Zulfiqorov, Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari polkovnik Shokir Hairov, Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi kafedra boshlig‘i polkovnik Nosir Fozilov spiker sifatida respublika axborot agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillarining mavzu bo‘yicha savollariga javob berdilar.

Darhaqiqat, mamlakatimizda mudofaa va xavfsizlik sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar Qurolli Kuchlarimiz rivojining yangi davrini boshlab berdi. Davlatimiz tomonidan qo‘shinlarimizni har tomonlama rivojlantirish, jangovar salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu esa o‘z samarasini berayotir. Bu yilgi Xalqaro armiya o‘yinlarida vakillarimiz ko‘rsatgan natija tarixiy ko‘rsatkich ekanligi bilan ham ahamiyatlidir.

Matbuot anjumanida bu kabi yuksak yutuqlar zamirida ona Vatanga bo‘lgan muhabbat, yurtga sadoqat, burchga sodiqlik tuyg‘ulari mujassam ekanligi ta’kidlandi. Musobaqalarda ishtirok etgan va yangi rekordlar o‘rnatgan harbiy xizmatchilarning o‘zlari ommaviy axborot vositalari xodimlariga o‘sha jarayonlar haqida so‘zlab berdi.

Dunyoning 11 ta davlati hududida o‘tkazilgan “ArMI – 2021” musobaqalarida 42 ta davlatning jami 277 ta jamoasi, 5000 dan ortiq harbiy xizmatchilar o‘zaro kuch sinashdi. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoalari ushbu nufuzli musobaqalarning 24 yo‘nalishi bo‘yicha munosib ishtirok etdi hamda bellashuvlar davomida 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida musobaqa tashkilotchisidan keyin faxrli 2-o‘rinni egalladi. Shu tariqa VII Xalqaro armiya o‘yinlarini O‘zbekiston jamoalari tarixiy natija bilan yakunladi.

Musobaqalar yakunlari bo‘yicha “Sodiq do‘st” erkaklar jamoasi, “Sodiq do‘st” ayollar jamoasi, “Harbiy-tibbiy estafeta” va “Dala oshxonasi” jamoalari – oltin medal, “Elbrus xalqasi”, “Merganlik marrasi”, “Otliq marafon”, “Qurolsoz usta”, “Xavfsiz muhit”, “Muhandislik formulasi”, “Xavfsiz marshrut”, “Qutb yulduzi”, “Qo‘shinlar razvedka a’lochisi” jamoalari kumush medal hamda “Avtozirxli tank-texnika ustasi”, “Ishonchli qabul”, “Yo‘l patruli”, “Sayan yurishi” jamoalari bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Musoboqalar davomida jami 37 ta rekord natija qayd etilgan bo‘lib, shundan 10 tasi O‘zbekiston Respublikasi jamoalari hisobiga yozildi. Xitoy Xalq Respublikasi 6 ta, Belarus va Hindiston hisobida esa 2 tadan rekord qayd etilgan. Mana shu fakt ham matbuot anjumanida ishtirok etgan jurnalistlarni juda qiziqtirib qo‘ydi. Anjumanda ishtirok etgan rekordchi harbiy xizmatchilar esa bu jarayonlar haqida ham batafsil to‘xtalib o‘tishdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti