500 nafar samarqandlik yoshlar harbiy qism mehmoni bo‘lishdi

0
592

Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizonidagi harbiy qismda “Vatanparvar oyligi” doirasida “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” shiori ostida Samarqand viloyatining olis hududlari hisoblangan Paxtachi hamda Qo‘shrabot tumanlari hamda Samarqand shahrining 500 dan ortiq yoshlari uchun ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi.

O‘quvchi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni maqsad qilgan ushbu ochiq eshiklar kuni doirasidagi tadbirda yoshlar harbiy qismda yaratilgan shart-sharoitlar bilan birga bugungi milliy armiyamizning qudrati bilan yaqindan tanishishdi.

Jumladan, o‘quvchi yoshlar harbiy qism bo‘ylab yotoqxona, oshxona, o‘quv binolari, kutubxona bilan tanishib, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini shakllantirgan bo‘lsa, harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi hamda qo‘l jangi ustalarining chiqishlari ularda kelgusida harbiy bo‘lish kabi orzularni uyg‘otdi.

Shu kuni o‘quvchi yoshlar bilan “Vatanparvar” bog‘ida mashg‘ulotlar o‘tkazilib, eng faol yoshlarga esdalik sovg‘alari ulashildi.

– Bizning tumanimizdan bu yergacha bo‘lgan masofa 100 kilometrdan ortiq hisoblanadi, – deydi Qo‘shrabot tumanidagi 17-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Javohir Turdiyev. – Men va tengdoshlarim bugun shuncha masofani bosib kelib harbiy qism bo‘ylab sayohat qilganimizdan afsuslanmadik. Sababi, unda yaratilgan sharoitlar bilan harbiy akalarimizning mashg‘ulot jarayonlari yoshlikdagi orzularimni yanada mustahkamladi.

Haqiqatda bugunga kelib o‘sib kelayotgan yosh avlod milliy armiyamizning yuksalishi, uning kuch-qudrati hamda jahon arenalarida erishayotgan yutuqlarini ko‘rib o‘zlarida faxrlanish kabi tuyg‘ularni shakllantirish bilan birga, men harbiy bo‘laman va Vatanimga sadoqat bilan xizmat qilaman, degan ezgu istaklarni oldilariga maqsad qilishmoqda.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati