Mard askar – yoshlarga namuna!

0
550

Mudofaa vazirligi miqyosida “Men g‘olib” shiori ostida muddatli harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “O‘z kasbining ustasi” ko‘rik-tanlovi g‘olibi, Navoiy viloyati Uchquduq tumanida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchisi oddiy askar Ikromjon Qahramonov o‘zi tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahri, Obod-maskan MFY va ta’lim olgan muassasasi – 80-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘ldi.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida mahalla faollari va o‘qituvchilar Ikromjonning bolalik davrlarini eslab, yoshligidan sport bilan shug‘ullanganini, jamoat tadbirlarida faol, namunali xulqi va bilimi bilan alohida ajralib turiganini aytib o‘tishdi va muddatli harbiy xizmat faoliyati davomida erishgan bir qator yutuqlarini alohida e’tirof etishdi.

Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tkazildi. O‘quvchi yoshlar harbiy xizmatning o‘ziga xos tomonlari, qanday qilib tanlovda g‘olib bo‘lganligi kabi o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan qahramonimizga yuzlanishdi va yetarlicha javoblar olishdi.

Tadbir yakunida mana shunday mard va fidoyi o‘g‘lonni voyaga yetkazib, o‘z yigitlik burchini bajarish bilan birga Vatanni himoya qilishdek, sharafli vazifani sidqidildan ado etib kelayotgan o‘g‘lonning ota-onasiga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va Ommaviy kommunikatsiyalar departamenti