Uzoqni koʻzlagan erta daraxt ekadi

0
36439

Gʻarbiy Tyanshan togʻlarining Chotqol tizmasi va tizmada joylashgan Katta Chimyon, Qizilnura va Aukashka (“Oxotnichiy”) choʻqqilari. Ushbu togʻ tizmasi etaklarida bunyod etilgan Mudofaa vazirligi “Chimyon” togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashgʻulot markazi Oʻzbekiston harbiylarining xalqaro armiya oʻyinlaridagi muvaffaqiyatlarining asosiy omiliga aylanib bormoqda.

Har tomonlama zamonaviy talablarga javob bera oladigan “Chimyon” togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashgʻulot markazi foydalanishga topshirilgandan keyin harbiylarimizning xalqaro armiya oʻyinlaridagi imkoniyatilari oshishiga zamin yaratildi. Bu yerda “Elburs xalqasi”, “Togʻ uchkurashi”, “Sayan yurishi” va “Otliq marafon” kabi yoʻnalishlar boʻyicha tayyorgarlik bosqichining eng muhim va masʼuliyatli jarayonlari boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazish mumkin.

2021-yilning dekabr oyi. Aynan shu paytda “Elburs halqasi”, “Togʻ uchkurashi”, “Sayan yurishi” va “Otliq marafon” yoʻnalishlarida 2022-yilgi xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik boshlab yuborildi. “Chimyon” togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashgʻulot markazida barcha harbiy okruglardan kelgan harbiy xizmatchilar guruhlarga boʻlingan holda tajribali yoʻriqchilar boshchiligida topshiriqlarni bajarishga kirishdilar. ArMI oʻyinlarining avgust-sentyabr oylari oraligʻida oʻtkazilishini eʼtiborga oladigan boʻlsak, tayyorgarlik jarayolarining oʻzi 8 oydan iborat ekanligini anlab yetamiz.

Ha, uzoqni koʻzlagan erta daraxt ekadi. Oʻtgan yillar davomida qoʻlga kiritilgan yuqori natijalarni takrorlash, ayrim yoʻnalishlarda chempionlik unvonini himoya qilish uchun mana shunday tizimli mashgʻulotlar va tayyorgarliklar dasturi ishlab chiqilgan. Jarayonlarni kuzatar ekansiz, otliq marafonchilar jamoasiga nomzodlikka daʼvogarlik qilayotganlarning otni ushlash uchun arqon tashlash, muvaffaqiyatli arqon uloqtirishdan soʻng tulporni egarlash, uni oʻziga boʻysindirgan holda dasturdagi mashqlarni bajarish kabi urinishlari osonlikcha kechmayotganiga guvoh boʻlasiz. Goʻyoki birinchi marta bajarayotgandek…

Yuqoridagi holat boshqa guruhlarda ham kuzatildi. Aynan shu yigitlar ArMI oʻyinlarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya eta oladimi? Hali shularmi chavandozlik hadisini olib katta boʻlgan, togʻlarda chopqillab oʻsgan yigitlar? Chetdan qaragan kishida shunday savollar tugʻilishi tabiiy. Boshida biz ham shunday oʻylagandik. Ammo mashgʻulotlarni olib borayotgan yoʻriqchilarning taʼkidlashicha, harbiy xizmatchilarning hayotiy tajribasi va ArMI oʻyinlari dasturidagi talablar oʻrtasida tafovutlar koʻzga tashlanadi.

Eʼtiborli tomoni shundaki, keyingi yillarda har bir harbiy xizmatchi xalqaro musobaqalarda oʻzini sinab koʻrish imkoniyati yaratib berilgan. Sakkiz oy davomida ArMI oʻyinlari dasturidagi talablar boʻyicha sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtganlargina Oʻzbekiston terma jamoasi safiga qabul qilinadi.

Katta serjant Iqbol Kamolov hamda kichik serjant Rustam Togʻayev singari harbiy alpinistlarga “Elburs xalqasi” va “Togʻ uchkurashi” yoʻnalishi boʻyicha ArMI-2022 oʻyinlarida Oʻzbekiston sharafini himoya qiladigan nomzodlarni koʻrikdan oʻtkazish masʼuliyati yuklangan. “Sayan yurishi”da kichik serjant Nurbek Niyazimbetov changʻichilar, kichik serjant Rinat Kudayarov esa “Otliq marafon” boʻyicha chavandozlarni koʻrikdan oʻtkazmoqda.

Asror ROʻZIBOYEV,Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti