Harbiy qismga yangi texnikalar keltirildi

0
965

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarini harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan butlash, ularni ta’mirlash va modernizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturiga muvofiq joriy yilda xarid qilingan “KAMAZ-4326” rusumli yuk avtomobillari Nukus garnizonidagi harbiy qismlardan biriga tantanali tarzda foydalanishga topshirildi.

Yaqinlashib kelayotgan Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 30 yillik shodiyonasi arafasida harbiy qismga katta miqdorda yangi harbiy texnikalarning kelishi bayramga o‘zgacha tuhfa bo‘ldi.

Haydovchilik lavozimidagi harbiy xizmatchilarga yangi yuk avtomobillarining kalitlarini topshirish marosimida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov ishtirok etib, so‘nggi besh yillik davr armiyamiz uchun tom ma’noda yuksalish, yangilanish davri bo‘lganini, saflarimiz rejali tarzda zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan butlanib kelayotganini e’tirof etdi.

So‘zga chiqqanlar, ishonchli qo‘llarga topshirilayotgan bu kabi texnika ko‘p yillardan beri armiyamiz saflarida sinovdan o‘tib, dala-dashtlarda, cho‘l va o‘tuvchanligi og‘ir hududlarda qulayligi, mamlakatimizdagi iqlim sharoitlarida foydalanishga yaroqliligi, yurish zaxirasi yuqoriligi va yonilg‘i sarfi bo‘yicha tejamkorligi bilan har tomonlama qo‘shinlarimiz uchun mos kelishini ta’kidlab o‘tishdi. Bo‘linmalarni yuqori jangovar shaylik darajasida ushlab turish, harbiy yuk va shaxsiy tarkibni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qilishiga katta ishonch bildirildi.

Texnikalarni foydalanishga qabul qilgan haydovchilar tarkibidagi harbiy xizmatchilar ushbu yuk avtomobillarini jangovar shay va soz holatda ushlab turishga, ularga o‘z vaqtida texnik xizmatlar ko‘rsatishga va’da berishdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur texnikalar Samarqandda KAMAZ rusumli avtoulovlarni yig‘ishga mo‘ljallangan “UzAvto Trailer” MChJning 2019-yildan faoliyatini boshlagan ishlab chiqarish liniyasida yig‘ilgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin xuddi shunday harbiy texnikalarning ilk guruhi shu yilning iyun oyida garnizondagi harbiy qismlarga tantanali topshirilgan edi.

Marosim yakunida harbiy xizmatchilar yangi harbiy texnikalarni ko‘zdan kechirib, uning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishdi.

Harbiy va jangovar texnika hamda qurol-aslahalarni joriy ta’mirlash, ularga texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini samarali olib orish maqsadida harbiy qismning texnikalarni saqlash parkida yaqindagina qayta rekonstruksiya qilingan Texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash tarmog‘i bugungi kun talablariga javob bermoqda.

Zamonaviy dastgoh va agregatlar bilan jihozlangan ushbu obyektda moylash ishlarini amalga oshirish, filtrlar va havo kassetalarini yuvish va moylash, stabilizatorlar, tunggi moslamalar, elektr jihozlari va nazorat-o‘lchov asboblarini tekshirish postlari yaratildi. Shuningdek, montaj-demontaj, agregatlarni joriy ta’mirlash, chilangarlik, elektrogaz payvandlash, temirchilik, elektr jihozlariga xizmat ko‘rsatish, yonilg‘i apparatlari va tentlarni ta’mirlash hamda bo‘yoqlash kabi o‘nlab ishchi joylari yaratildi. Bir so‘z bilan aytganda, texnika va qurollarni jangovar shay va soz holatda ushlab turish uchun mazkur harbiy qismda barcha qulayliklar muhayyo etilgan.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati