Ertamiz davomchilarining Vatan himoyachilari bilan uchrashuvi

0
438

Yoshlar haqida gap ketganda hammaning ko‘z oldida yurtimiz ertasi, mamlakatimiz kelajagi davomchilari qiyofasi gavdalanadi. Ertangi kunning qanday bo‘lishi, bugun qanday tayyorgarlik ko‘rilganiga, bugungi tashlangan dadil qadamlarga bog‘liq.


Yoshlar uchun harbiylarning tartib-intizomi va qat’iy o‘rnatilgan qonun-qoidalarga rioya qilishi, harbiy texnikalarning taktik-texnik sifatlari, armiyada mavjud zamonaviy o‘qotar qurollar va uchish apparatlari o‘zgacha taassurot uyg‘otuvchi vositadir. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida barcha kuch tuzilmalari bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilmoqda. Xususan, Qashqadaryo viloyatining o‘quvchi yoshlari bilan harbiy-vatanparvarlik karvonlari, festivallar o‘tkazishning kompleks chora-tadbirlar dasturiga ko‘ra Qarshi shahridagi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida faxriylar, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qashqadaryo viloyati mintaqaviy bo‘limi bilan hamkorlikda yoshlarni bevosita jalb qilgan holda “Mard askar – yoshlarga namuna” shiori ostida tasshviqot tadbiri o‘tkazildi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad sharafli, shu bilan birga mashaqqatli soha hisoblangan harbiy xizmatchi kasbining zalvorli hayot yo‘li orqali yoshlarga chinakam matonat maktabi vazifasini o‘tashi lozimligini yetkazishdan iborat edi.
Tadbir savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. O‘quvchi yoshlar tomonidan “Men vatanparvarlikni qanday tushunaman” mavzusida o‘tkazilgan debat tarzidagi bahs-munozara tadbirga yanada jo‘shqinlik baxsh etdi. Uchrashuv so‘ngida faxriy harbiy xizmatchilar tomonidan Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining targ‘ibot-tashviqot bukletlari tarqatildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti