Yetuk artilleriyachi mutaxassislarni tayyorlash yoʼlida

0
920

Markaziy harbiy okrugning “Kattaqoʼrgʼon” garnizonida Аrtilleriya mutaxassislarini tayyorlash markazi va oʼquv artilleriya divizionining tantanali ochilish marosimi boʼlib oʼtdi.
Unda Mudofaa vazirining birinchi oʼrinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtab boshligʼi general-mayor Shuxrat Xolmuhamedov, Markaziy harbiy okrug qoʼshinlari qoʼmondoni polkovnik Аybek Saidov, bir guruh harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkiloti vakillari, faxriylar va tumandagi maktablarning oʼquvchi-yoshlari ishtirok etdi.
Tantanali ochilish marosimida soʼzga chiqqanlar milliy armiyamizni zamonaviy qurol-aslaha va texnikalar bilan butlash, harbiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ijtimoiy muhofazasini mustahkamlashga qaratilayotgan eʼtibor haqida soʼz yuritdi.


Tarix va bugungi kunda yuz berayotgan zamonaviy nizolar va mojarolar tajribasi shuni koʼrsatyaptiki, jangovar harakatlarda artilleriya boʼlinmalari doimiy ravishda jang taqdirini hal etuvchi asosiy kuchlardan boʼlib xizmat qilmoqda.
Foydalanishga topshirilgan mazkur markaz va divizion milliy armiyamizda olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida kelgusida vazirlik tizimida malakali artilleriya mutaxassislarini tayyorlash imkonini beradi.
Markazda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan oʼquv binosi, shaxsiy tarkib uchun barcha qulaylik va sharoitlarga ega yotoqxona va oshxona qayta taʼmirlandi. Аrtilleriya qurollaridan oʼt otishda amaliy koʼnikmalarni oshirishga xizmat qiluvchi “Аrtilleriya jangovar ish shaharchasi” ham barpo etildi.
Mazkur shaharcha artilleriya mutaxassislarining jangovar koʼnikmalarini real holatga yaqinlashtirib, kunduzgi va tungi sharoitlarda otish boʼyicha koʼnikmalarini takomillashtirish uchun xizmat qiladi.
Rivojlangan xorij armiyalarining oʼqitish tizimi tajribasiga asoslangan Аrtilleriya mutaxassislarini tayyorlash markazi va oʼquv artilleriya divizionini tashkil etishdan asosiy maqsad, artilleriyachilarning amaliy koʼnikmasi va mahoratini oshirish, artilleriya qoʼshinlarida professional mutaxassislar sonini koʼpaytirishdan iboratdir.
Markazda okruglar kesimida harbiy xizmatchilarning tahsil olishi amalga oshiriladi. Bu esa oʼz navbatida tahsil oluvchilar oʼrtasida sogʼlom raqobat muhitini shakllantiradi hamda qoʼshinlarga iqtidorli artilleriya mutaxassislarini tayyorlab berishga xizmat qiladi.
Ochilish marosimida Аrtilleriya mutaxassislarini tayyorlash markazi va oʼquv artilleriya divizionining infratuzilmasini barpo etishda jonbozlik koʼrsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar munosib taqdirlandi.
Shundan soʼng harbiy xizmatchilarga jangovar texnikalar biriktirildi.

Leytenant Islomjon QOʼCHQOROV,
Mudofaa vazirligi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti