Shonli harbiy tariximizni chuqurroq o‘rganish yo‘lida

0
805

Milliy davlatchiligimiz vujudga kelishi va taraqqiy topgan davrlarda harbiy sohada erishilgan yutuqlar shon-shuhratini tarixiy dalillar asosida zamondoshlar ongu-xotirasida mustahkamlash, yosh avlodda milliy qadriyatlar ruhi, millat tamadduniga daxldorlik, ona-Vatanga mehr va sadoqat, adolat tuyg‘usini har tomonlama kuchaytirish, buyuk sarkardalarimiz meros qilib qoldirgan boy jang sanʼati sirlarini o‘rganish, bu borada ilmiy-ommabop, badiiy, o‘quv-uslubiy adabiyotlarni, shu jumladan multimedia imkoniyatlaridan foydalangan holda kino asarlarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida joriy yil 17 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Harbiy tarixni o‘rganish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.


Qarorga asosan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Madaniyat vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti va Fanlar akademiyasining O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti muassisligida «Аjdodlar izidan» harbiy-tarixiy jamiyati – muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti tashkil etildi.
Bugun, 10 dekabr kuni jamiyat faoliyatining belgilangan asosiy yo‘nalishlarini o‘zaro muvofiqlashtirish maqsadida Qurolli Kuchlar akademiyasida anjuman tashkil etildi.
Аnjumanda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakillari, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Madaniyat, Oliy va o‘rta maxsus, Xalq taʼlimi vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Yoshlar ishlari agentligi, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarlari, shuningdek tarixchi olimlar, sanʼat va madaniyat xodimlari, harbiy okruglar qo‘shinlari qo‘mondonlari va tegishli mahalliy organ vakillari yo‘nalish bo‘yicha olib boriladigan ishlar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar.


Jumladan, anjumanda so‘zga chiqqan mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdan Qarshiev, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizaev, yozuvchi va shoir Muhammad Аli hamda boshqalar tashkil etilgan ushbu jamiyat hamda bu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ilmiy ekspeditsiyalar, suratga olinadigan tarixiy filmlar, yaratiladigan asarlarning qiymati bebaho bo‘lishini taʼkidladilar.
Ko‘p ming yillik shonli tariximizni, buyuk sarkardalarimizning ibratli hayotini yuzaga chiqarish – bu yoshlarning vatanparvarlik tarbiyasini shakllantirishda, yurtdoshlarimizda milliy g‘ururni yuksaltirishda beqiyos o‘rin tutishini faktlar va tarixiy misollar orqali tushuntirib berdilar. Shuningdek, anjuman davomida tegishli tashkilotlar bu borada o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan kelishib oldilar.

Mudofaa vazirligi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti