Samarqandning olis tumanlaridagi o‘quvchilar va uyushmagan yoshlar uchun “ochiq eshiklar kuni”

0
537

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari kichik mutaxassislar tayyorlash markazi qo‘mondonligi tashabbusi bilan “Ma‘naviy yuksalish va vatanparvarlik kuni”ga bag‘ishlab, «Xalq va armiya – bir tanu bir jon!» shiori ostida vatanparvarlik tadbiri va «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazildi. Tadbir katta hayotga qadam qo‘yish ostonasidagi o‘quvchi yoshlarimizni harbiy kasbga yo‘naltirish, ularning ongu tafakkuriga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini singdirish, milliy armiyamiz bilan faxrlanish tuyg‘ularini sayqallashtirish maqsadida tashkil etildi.


Tadbirga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi vakillari va Samarqand viloyatining olis tumanlaridagi o‘quvchi yoshlar hamda uyushmagan yoshlar jalb qilindi. Ular Markazdagi mashg‘ulot xonalari, oshxona, yotoqxona va kompyuterlashtirilgan otish majmuolari va o‘q-otar qurollarning namunalari hamda zamonaviy harbiy texnikalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, o‘quvchilarga istiqlol yillarida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida amalga oshirilgan islohotlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mamlakatimizdagi oliy harbiy ta’lim muassasalari va qo‘shin turlari haqida ma’lumotlar berildi.

Kichik serjant Xayrullo O‘LMASOV