Harbiylar oʻrtasidagi Jahon chempionatiga tayyorgarlik

0
1660

Xalqaro sport kengashininig (CISM) dzyudo boʻyicha sport komissiyasi prezidenti general Farshad Najafipur hamda uning yordamchisi Hamid Rizo Muhammad harbiylar oʻrtasida boʻlib oʻtadigan XXXXII Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonini kuzatish uchun mamlakatimizga tashrif buyurdi. Mehmonlar Oʻzbekiston Respublikasi Dzyudo federatsiyasida tashkillashtirilgan brifingda qatnashib, nufuzli musobaqa boʻyicha kerakli maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

Dzyudo federatsiyasida boʻlib oʻtgan uchrashuv chogʻida mudofaa vaziri oʻrinbosari polkovnik Alisher Norboyev, Oʻzbekiston Respublikasi dzyudo federatsiyasi bosh kotibi Aziz Sobirov mamlakatimizda jahon chempionati doirasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil toʻxtalib oʻtdilar. General Farshad Najafipur hamda uning yordamchisiga bu boradagi barcha maʼlumotlar yetkazildi. Oʻz navbatida eronlik mehmonlar Oʻzbekistonda dzyudoga davlat miqyosida qaratilayotgan eʼtibor tufayli oʻzbek sportchilari dunyo arenalarida olamshumul yutuqlarni qoʻlga kiritayotganini taʼkidlagan holda bu zaminda oʻtkaziladigan har qanday xalqaro musobaqa yuksak darajada tashkillashtirilishiga ishonch bildirishdi.

Shundan soʻng mehmonlar Jahon chempionati ishtirokchilari yashaydigan mehmonxona, mashgʻulot arenasi hamda Dzyudo federatsiyasining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. General Farshad Najafipur tatamida dzyudo sir-asrorlarini oʻrganayotgan yoshlar harakatlarini kuzatdi. Kelajakda ular orasidan Davlat Bobonov, Alisher Yusupov, Diyora Keldiyorova, Gulnoza Matniyozova kabi nomdor sportchilar yetshib chiqishiga tilak bildirib, esdalik uchun rasmga tushdi.

Maʼlumki, harbiylar oʻrtasidagi XXXXII jahon chempionati shu yilning 14-20-oktyabr kunlari poytaxtimizdagi “Saxovat sport servis” sport majmuasida boʻlib o‘tishi rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti