“Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining Farg‘ona viloyat bosqichi o‘tkazildi

0
1116

Farg‘ona garnizonidagi harbiy qismda “Vatanparvarlik – oliy maqsadim!” shiori ostida “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining viloyat bosqichi o‘tkazildi.

Unda tuman va shaharlar mahallalarida istiqomat qiluvchi 1-sektorga biriktirilgan 17 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan yuzdan ortiq yoshlardan tashkil topgan 10 ta jamoa ishtirok etdi.

Musobaqa qatnashchilari “O‘zbekiston harbiy tarixi”, “Pnevmatik quroldan o‘q otish”, “Granata uloqtirish”, “Harbiylashtirilgan estafeta”, “Duatlon”, “Qisqa masofaga yugurish”, “Turnikda tortilish” shartlarida bellashdilar. Mazkur bahslarda yoshlar o‘zlarining kuch va g‘ayratlarini hamda bilimlarini namoyish etib g‘oliblik sari intildi.

Do‘stona ruhda, shu bilan birga, shiddatli va murosasiz kechgan harbiy-sport o‘yinlari yakuniga ko‘ra uchunchi o‘rinni O‘zbekiston tumani, ikkinchi o‘rinni Rishton tumani hamda faxrli birinchi o‘rinni So‘x tumani jamoasi qo‘lga kiritdi.

G‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati