Oʼzbekistonda yangi harbiy markaz faoliyatini boshladi

0
1722

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil topganining 30 yillik shodiyonasi arafasida rekonstruktsiya va kapital taʼmirdan chiqqan “Yangiariq” umumqoʼshin poligonida endilikda harbiy xizmatchilarning choʼl sharoitida yashovchanligini oshirish, ogʼir ekstremal vaziyatlarda yashab qolish sirlarini oʼrgatishga ixtisoslashtirilgan yangi harbiy markaz oʼz faoliyatini boshladi.
Soʼnggi besh yillik davr ichida Qurolli Kuchlarimizni har tomonlama isloh etish, milliy armiyamizni zamonaviy turdagi qurollar, aslahalar, harbiy va jangovar texnikalar bilan butlashda katta natijalarga erishildi. Harbiy xizmatchilarning taʼlim-tarbiya jarayonlariga qoʼshimcha qulayliklar yaratish, harbiy qismlar, oʼquv mashgʼuloti maydonlari hamda jangovar tayyorgarlik obʼektlari zamonaviy koʼrinishga keltirildi. Ogʼir iqlim va murakkab sharoitga ega boʼlgan togʼli hududlarda ham jangovar topshiriqlarni bajarishni oʼrgatish maqsadida oʼquv markazlari tashkil etildi.
Maʼlumki, har yili dunyo boʼylab 12 million gektar, 1 daqiqada esa 23 gektar yer choʼllanadi. Аyni vaqtda yer yuzining qariyb 75 foizi choʼllanib qolgan. Choʼllangan suvli hududlarning 87 foizi oxirgi 300 yil ichida shunday holga kelgan. Tarixga nazar soladigan boʼlsak, choʼllanishning 54 foizi oxirgi 100 yilga toʼgʼri kelmoqda. Markaziy Osiyo davlatlarining koʼplab qismini ham choʼllar egallab olgan.
Аna shunday iqlimi oʼzgaruvchan, bepoyon qumliq va namlik darajasi past boʼlgan hududlarda birinchi navbatda harbiy xizmatchilarning yashovchanligini oshirish, qoʼyilgan jangovar vazifani sifatli bajarilishiga erishish maqsadida “Yangiariq” umumqoʼshin poligoni negizida Oʼzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boʼlinmalarini choʼl sharoitida tayyorlash markazi yaratilib, oʼquv jarayoni yoʼlga qoʼyildi.


Markazning tantanali ochilish marosimida Shimoli-gʼarbiy harbiy okrug qoʼshinlari qoʼmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʼining oʼrinbosari polkovnik Iqbol Аbdurahmonov, nuroniylar, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.
Soʼzga chiqqanlar, bugungi kunda harbiylarimiz oʼzlarining professional tayyorgarlik darajasi boʼyicha jahondagi yetakchi davlatlar armiyalarining harbiy xizmatchilaridan aslo qolishmasligini soʼzda emas, balki amalda isbotlayotganini eʼtirof etishdi. Hozirda zamon talablariga javob beradigan “Yangiariq” umumqoʼshin poligoni xalqaro miqiyosdagi oʼquvlar, musobaqa va tanlovlarni oʼtkazish imkonini beradigan nufuzli poligonlar qatoridan joy olgani taʼkidlandi. Bu markazning barpo etilishi Qurolli Kuchlar tizimida oʼziga xos yangilik boʼlib, harbiylarning jangovar tayyorgarligini yanada oshirish va yangi bosqichga koʼtarishga ulkan hissa qoʼshishiga umid bildirildi.
Darvoqe, bugun Xorazm viloyatidagi kuch tuzilmalarining jangovar tayyorgarlikdan amaliy mashgʼulot jarayonlarini oʼtkazish uchun 4 ming gektar yer maydoniga ega boʼlgan Shimoli-gʼarbiy harbiy okrugining “Yangiariq” umumqoʼshin poligoni barcha qulayliklarga ega boʼldi. Boʼlinmalarni choʼl sharoitida tayyorlash markazi faoliyatini samarali yoʼlga qoʼyish uchun poligon hududidagi harbiy topografiya, razvedka, otish va tibbiy tayyorgarliklar, shuningdek yashovchanlikni oshirish xonalaridan iborat oʼquv binosi, koʼrgazmali eksponatlardan iborat boʼlgan hamda amaliy mashgʼulotlarni olib borishga moʼljallangan ikkita yashovchanlik shaharchalari, 150 oʼrinli yotoqxona hamda markaz shaxsiy tarkibining xizmat xonalari ajratildi. Shuningdek, poligondagi boshqa ijtimoiy va jangovar tayyorgarlik obʼektlari markazda tahsil oladigan harbiy xizmatchilarga xizmat koʼrsatishi belgilandi.
Tahsil muddati 14 kunni oʼz ichiga olgan ushbu taʼlim dargohida bir vaqtning oʼzida 50 nafarga yaqin kontrakt boʼyicha harbiy xizmatchilar toifasidagi oddiy askar va serjantlar tahsil olib, oʼquv jarayonini 10 foiz nazariy hamda qolgan 90 foiz amaliy mashgʼulotlar tashkil etadi. Taʼlim jarayoni dekabrdan fevralь oyiga qadar qishki va may oyidan sentyabrь oyiga qadar yozgi mavsumlardan iborat.

Аmaliy mashgʼulotlarni oʼtkazishga moʼljallangan yashovchanlik shaharchasida sahroda olov topish, suv topish va tozalash hamda zaxirasini yaratish, ov qilish va oziq-ovqat zaxirasini gʼamlash, ovqat tayyorlash, tibbiy yordam koʼrsatish, hududda boʼlinmalarning joylashuvi uchun pana joylarini jihozlash hamda niqoblash, kuzatuv ishlarini olib borish kabi oʼquv joylari barpo etildi. Taʼkidlash joizki, yaratilgan barcha obʼektlar hududdagi mavjud boʼlgan mahalliy predmet va oʼsimliklardan qoʼlbola usulda yasalishiga, joyga mos holda niqoblanishiga alohida eʼtibor qaratildi.
Markazda oʼquv jarayonini tashkil etish uchun yaratilgan sharoitlar, oʼquv joylarining jihozlanishi, kurs tinglovchilarining yashashi va tahsil olishi uchun mavjud qulayliklar mehmonlarda katta taassurotlar qoldirdi. Kursning ilk tinglovchilari tomonidan choʼl sharoitida olov va suv topish, ov qilishga moʼljallangan qoʼl ostidagi predmetlardan yasalgan qurollar va qopqonlarning ishlashi, choʼl sharoitida boʼlinmalarning niqoblanishi hamda shaxsiy tarkib joylashishi uchun sharoitlarni yaratish, shartli yaradorlarga tibbiy xizmat koʼrsatish va qoʼlbola tibbiyot buyumlarini yasash boʼyicha amaliy mashqlar namoyish etildi. Sahroda ovlangan yovvoyi hayvon va baliqlardan mazali taomlar tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini maʼlum muddat ichida saqlashni tashkil etish boʼyicha mahorat darsi koʼrsatildi.
Mamlakatimizning Shimoli-gʼarbiy sarhadlarini mustahkam himoya qilish boʼyicha Shimoli-gʼarbiy harbiy okrug qoʼshinlariga qoʼyilgan oʼquv-jangovar vazifa batalьonning shartli dushman kuchlarini oʼqotar qurollar yordamida yoʼq qilishga qaratilgan amaliy koʼrgazmali mashgʼulot orqali namoyish etildi.
Mudofaa vazirligi boʼlinmalarini choʼl sharoitida tayyorlash markazini yanada takomillashtirish, taʼlim jarayonlariga mahalliy va xorijiy tajribani keng tatbiq etish, kelgusida ushbu kurslarda oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlarining ham tahsil olishini tashkil etish boʼyicha takliflar maʼqullandi.

Shimoli-gʼarbiy harbiy okrug matbuot xizmati