Ijtimoiy himoyani taʼminlash yoʻlida

0
514

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarining sogʻligʻini tiklash va kasalliklarning oldini olish maqsadida muntazam ravishda chuqurlashtirilgan bepul tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazish ishlari yoʻlga qoʻyilgan.

Olis hududlardan biri boʻlgan Navoiy viloyati Uchquduq tumanida joylashgan harbiy qismlarning birida harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari, farzandlari hamda chekka ovullarda istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik oʻtkazildi.

Tibbiy tekshiruvlar jarayonida psixolog, pediatr, onkomammolog, endokrinolog, jarroh, terapevt, genikolog, dermatolog, diyetolog, okulist, lor, kardiolog kabi mutaxassislarni jalb etgan holda mobil oftalmologik klinika va UZI, EKG kabi zamonaviy diagnostik uskunalari bilan birga qon tahlillarini oʻtkazish uchun laboratoriya jihozlari ham harbiy qismga keltirildi.

Tekshiruvlar davomida harbiy xizmatchilarning oila aʼzolarining sogʻligi yuzasidan muammo va shikoyatlari tinglanib, shu yerning oʻzida tashxislar qoʻyildi va davo muolajalari belgilandi. Qoʻshimcha tekshiruv lozim boʻlganlarga, viloyat va Respublika markaziy shifoxonalaridan bepul tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun yoʻllanmalar berildi.

Tekshiruvlar davomida tibbiy tekshiruvdan oʻtish davriyligi, ortiqcha vazndan sogʻlom tarzda voz kechish toʻgʻrisida tushunchalar berilib, oilada sogʻlom tibbiy muhit va sogʻlom turmush tarzini yaratish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti