Termizda “Sport hamma uchun” shiori ostida parasport festivali boʻlib oʻtdi

0
510

Bugun, 4-dekabr kuni Termiz shahar bolalar va oʻsmirlar sport maktabi “Alpomish arena” sport saroyida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida “Sport hamma uchun” shiori ostida viloyat parasport festivali boʻlib oʻtdi.
Festivalda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev nutq soʻzlab, yurtdoshlarimiz, jumladan Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari xalqaro armiya oʻyinlarida yuksak gʻalabalarga erishib kelayotganligini aytib oʻtdi hamda bugungi festival ishtirokchilari ham kelajakda turli sport yoʻnalishlarida gʻolib boʻlishiga tilak bildirdi.
Parasport festivalida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismlarda mavjud zamonaviy texnika, qurol-yarogʻlar koʻrgazmasi namoyish etilib, faxriy qorovulning koʻrgazmali va qoʻl jangi boʻyicha chiqishlari, harbiy orkestr jamoasi esa kuy va qoʻshiqlari bilan ishtirok etdi.

– Bugungi festivalga doʻstlarim bilan keldik. Bu yerda zamonaviy texnikalar va qurol-yarogʻlar toʻgʻrisida harbiy akalarimdan maʼlumotlar oldim va kelajakda men ham oʻz oldimga harbiy xizmatga borishni maqsad qilib qoʻydim, – deydi Termiz davlat universitetining 3 kurs talabasi Jamshid Choriyev.
Festivalda gʻolib boʻlganlarni viloyat hokimi oʻrinbosari – turizm va sport bosh boshqarmasi boshligʻi Joʻrabek Toʻrayev hamda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoning oʻrinbosari polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyevlar taqdirladilar.
Ushbu festivalni oʻtkazishdan maqsad, mamlakatimizda paraolimpiya sport turlarini yanada ommalashtirish va targʻib qilish hamda yoshlar oʻrtasida harbiy-vatanparvarlik tuygʻularini yanada mustahkamlashdan iboratdir.

III darajali serjant Akbar AHMEDOV, Termiz garnizoni