Harb ilmi dunyosida muhtasham bir imorat bunyod etgan jang san’atkori

0
531

Jaloliddin bug‘doymag‘iz, turkiy qiyofa, o‘rtabo‘y va turkiyda gapiradigan odam edi, deydi tarixchi Shihobiddin Muhammad an-Nasaviy. U sherlar orasida eng zo‘r sher edi. Qo‘rqmas chavandoz, lashkar orasida eng botir edi. Haqoratomuz so‘zlarni aytmasdi, nihoyatda jiddiy edi. Kulmasdi, faqat jilmayib qo‘yardi. Kam gapirardi. Haqgo‘ylikni, adolatni ulug‘lardi.

Bu sifatlar gurjilar bilan kechgan janglarning biridagi voqeani eslatadi. Gurjilar qo‘mondoni Ivane bilan ikki qo‘shinga dam berish, shu vaqtda ikki tomon bahodirlariga hammaning ko‘zi oldida kuch sinashish bo‘yicha kelishuv bo‘ladi. Bahodirlar olishuvida Jaloliddinning o‘zi jang maydoniga tushadi. Jussasi birmuncha kichik bo‘lishiga qaramay, sulton devqomat bir gurji pahlavonini, so‘ng birin-ketin uning o‘g‘illarini, keyin yana dushmanning bir necha jasur askarini o‘ldiradi.

Bu jangni tarixchi olim Jumaboy Rahimov shunday hikoya qiladi:

“Sulton Jaloliddinning jang maydoniga chiqishini na u tomondan, na bu tomondan hech kim kutmagan edi. Sulton jang maydoni markazi tomon shamolday gupurib, momaqaldiroqday gumburlab ot soldi. Dushman tomondan yakkama-yakka olishuvni bahodir aka-ukalar sardori pahlavon ota boshlab berdi. Jaloliddin birinchi hujumdayoq pahlavonlar sardorining nayzasiga chap berishga ulgurdi va zarb bilan o‘z nayzasini raqibining ko‘kragiga yo‘naltirdi. Nayza shunday kuchli va shiddatli urildiki, gurji bahodirlari sardorining sovuti teshilib, u nayzaga sixlangancha otdan gursullab qulab tushdi. Otasining talvasada jon berayotganini ko‘rgan aka-uka bahodirlar, ular ketidan quroldosh uch bahodir do‘sti bilan Jaloliddinga birvarakayiga g‘azab bilan hujumga tashlandilar. Ana shu ayovsiz olishuvda Jaloliddinning Sind daryosidan omon olib chiqqan asov tulpori uning joniga oro kirib, jangovarligini yana va yana namoyish etdi. Ikki tomon qo‘shin jangchilari hayratdan tosh qotgan. Shunday qilib, Jaloliddin Manguberdi pahlavon ota boshchiligidagi aka-uka bahodirlar va do‘stlarini mag‘lub qildi”.

Tarixchi Juvayniy bu jangni Rustam va Zolga muyassar bo‘lmagan voqea, deb ataydi. “Sulton yakkama-yakka olishuvda g‘animlarning sakkizinchi bahodirini ham yer tishlatgach, maydonning qoq markazida turib, qamchisining sopi bilan ishora qildi. Shul soniyada mardi maydon sulton Jaloliddin jangchilari olg‘a bosdilar. Gurji qo‘shini tahlikaga tushdi. Zafarning ilk alomatlari zohir bo‘lib, nusratning jozibador nurlari chehra ochdi. Ular vaqt borida qochib qolib, oqshom etagiga yopishdilar va so‘ngra tun zimistoniga yashirinishdan o‘zga chora topa olmadilar”.

Sarkarda, davlat arbobi Jaloliddin Manguberdi hayoti haqida bitilgan kitoblar bir necha javonni to‘ldiradi, agar bir joyga jamlansa. Ular orasida Jaloliddinning zamondoshlari – Nasaviy, Juvayniy, Abul Fido, Ibn Asir kabilarning asarlari alohida o‘rin tutadi. Mazkur tarixiy manbalarni o‘rgangan, tadqiq qilgan olimlar asarlarining o‘zi bir dunyo. Turk, olmon, ingliz, rus, fransuz va boshqa tillarda Xorazmshohlarning davlati tuzilishi, boshqaruvi, qudrati, diplomatik aloqalari, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti kabi yo‘nalishlarda o‘nlab kitoblar yozilgan.

Taniqli turk tarixchi olimlaridan biri Oydin Tonariy “Jaloliddin Xorazmshoh va uning davri” nomli asarida davlat, armiya, adliya tashkilotlarining qurilishi, faoliyati, hokimiyat ramzlari, hukmdorlarning qabul marosimlari, mansabdorlarning vazifalari va o‘rni, qo‘shin tarkibi, jang usullari hamda boshqa masalalar haqida batafsil ma’lumotlar beradi.

Xorazmshohlar davlati va hukmdorlarining ramzlari haqida yozar ekan, Oydin Tonariy Jaloliddin bayrog‘ining rangi ota-bobolariniki kabi qora rangda edi, deydi. Uning e’tiroficha harbiy musiqa ham ramzlardan biri hisoblangan. Saltanat saroyi yoki chodirning eshigi oldida ma’lum bir vaqtlarda, ko‘pincha namoz soatlarida musiqa chalingan. Jaloliddin uchun bir kunda besh marta musiqa chalingan. Bunga “navbati zulqarnayn” deyilgan. Sultonga tobe vassallar uchun kuniga uch marta musiqa chalingan. O‘sha davrda mavjud bo‘lgan an’anaga ko‘ra, tobe bir hukmdorning besh marta musiqa chaldirishi isyon ko‘tarish degan ma’noni anglatardi. Shuning uchun Jaloliddin “navbati zulqarnayn”ni ortiqcha chaldirgan bir tobe hukmdorni qatl qildirgan edi.

Hukmdorning moddiy ramzlaridan biri “tug‘” ot dumidan yasalgan. “Tug‘” qirmizi nayzaning ustiga o‘rnatilgan oltin huqqaga biriktirilgan. Jaloliddinning yetti dona tug‘i bo‘lgan. Shu o‘rinda tug‘ va bayroqning alohida ramzlari ekanligini qayd etib o‘tish lozim.

Jaloliddinning suvoriylari, piyodalari o‘z davrining eng mustahkam va ilg‘or qurollari bilan qurollangan edi. O‘q-yoy, qalqon, qilich, nayza asosiy qurollar sanalib, ular sifatining dong‘i taralgan edi. Askarlar egnidagi sovut ularni har qanday zarbadan himoya qilgan. Qamal vositasi sifatida manjaniq, naftandoz, narvon va devorteshar qurollardan foydalanilgani manbalardan ma’lum. Ohlat qamali vaqtida Jaloliddin
12 ta manjaniq qurdirgan. Ularning har birini sakkiz kishi ishlatgan.

Jaloliddin bayram kunlari kamar taqar edi. Sultonning kamari benazir nodir, qimmatbaho toshlar bilan ziynatlangan edi. Bu kamarni sultonga Ozarbayjonning sobiq otabegi O‘zbekning o‘g‘li Xomush tuhfa qilgandi.

Safarbarlik qaroriga kelgach, Jaloliddin qo‘shinning yuksak rutbali sarkardalariga, ya’ni xon, malik, amir va pahlavonlarga, goho chovushlarga qirmizi o‘q yuborar edi. Qirmizi o‘qni olgan qism qo‘mondoni darhol qo‘l ostidagi askarlari bilan sulton yoniga yetib kelardi. Safarbarlikning boshqa shaklida u sarkardalariga maktub yo‘llardi.

Jaloliddin Hindistondan qaytgach, ukasi G‘iyosiddin Pirshohni itoatga keltirishga qaror berdi va uning amirlariga bir elchidan uzuklar yubordi. Ayrim amirlar uzukni qabul qilib, Jaloliddin tarafga o‘tdi. Boshqalari bo‘lsa uzukni G‘iyosiddinga eltib topshirib, uning tarafdori ekanliklarini ko‘rsatdilar. Uzuk yuborish usuli itoat ostiga olish uchun qilingan bir harakatdir.

Chingizxon Samarqandga yaqinlashganida Xorazmshoh Muhammad Xazar, hozirgi Kaspiy dengizidagi bir orolda jon saqlagan edi. U kech bo‘lsa-da, xatosini anglab, o‘g‘illarini yoniga chorlaydi. Jaloliddinni valiahd etib tayin etadi. Yashin tezligida ukalari Oqshoh va Qutbiddin O‘zloqshoh bilan birga Gurganj mudofaasiga oshiqqan Jaloliddinga qipchoq amirlari xoinlik qiladilar. Mamlakat qil ustida turgan vaqtda gina-kuduratlarni unutib, birlashib, yovga qarshi choralar ko‘rish o‘rniga o‘ziga suiqasd uyushtirilayotganini eshitgan Jaloliddin Temur Malik boshchiligidagi 300 suvoriy bilan Gurganjdan Xurosonga yo‘l oladi. Niso shahri yaqinida u 700 nafar mo‘g‘ul suvoriysini yakson qilib, Nishopurga keladi. Bu yerdan u barcha viloyat hokimlariga nomalar jo‘natib, bir oydan so‘ng G‘aznaga ot soladi. Yo‘lda unga Hirot voliysi, qaynotasi Aminalmulk 10 ming kishilik qo‘shin bilan qo‘shiladi. Ular yo‘l-yo‘lakay Qandahorni qamal qilib turgan mo‘g‘ul qo‘shinlarini tormor qilib, 1221-yili G‘aznaga kirib keladilar.

Bu holatni Shihobiddin Muhammad an-Nasaviy shunday ta’riflaydi:

“Odamlar uning kelishini quvonch bilan, xuddi qurg‘oqchilikdan qiynalgan odamlarning yomg‘irni, ro‘za tutganlarning ramazon tugab hayitni kutganiday kutib olishdi. Uning xizmatiga Sayfiddin Egroq al-Xalajiy, Balx hukmdori A’zam Malik, qorluqlar yo‘lboshchisi al-Hasan Qorluq kabilar o‘tishdi. Har birining qo‘l ostida 30 mingdan lashkar bor edi”.

Qandahorda qo‘shinlarining mag‘lub bo‘lganini eshitgan Chingizxon o‘g‘li To‘lixonni minglab qo‘shinga bosh qilib otlantiradi. Jaloliddin dushmanni “tog‘dan tushayotgan sel oqimi singari behisob otliqlar, sherkelbatli lashkarlar bilan qarshiladi”. Voqea guvohi Nasaviy shunday yozadi:

“Ikkala qo‘shin bir-biriga ko‘ringanda uning o‘zi (Jaloliddin) To‘lixon markaziga otilib kirdi. Ularning jangovar saflarini buzib tashladi. Yog‘iy bayrog‘ini otlar tuyog‘i ostiga itqitdi. Uni o‘z safini tashlab orqaga qochishga majbur qildi. Shundan keyin totorlar qilichlarga nishon bo‘ldi. G‘azab otiga mingan Jaloliddin dushmanlardan qanchasining boshini tanasidan judo qildi.

To‘lixon hujum ayni kuchaygan, jang avjiga chiqqan paytda halok bo‘ldi. Ko‘plab navkarlar asir olindi. Xizmatkorlar asirlarni Jaloliddinning huzuriga olib kelar, qulog‘ini teshib temir isirg‘a osishar, shu tariqa hisobga kiritishardi. Jaloliddin buni nim tabassum bilan kuzatardi. Ularni ana shunday qiynovlarga solishdi”.

Jaloliddin Xorazmshoh urushga qaror bergach, dushman bilan to‘qnashishdan bir-ikki kun oldin ov tashkil qilardi. Bu ov mohiyatan harbiy manyovrdan iborat bo‘lib, jang vaqtida ishlatiladigan taktika sinovdan o‘tkazilardi. U jangdan avval qo‘shinni rasmiy ko‘rikdan o‘tkazardi. Bu yo‘l bilan askarlarining tayyorgarligini va ularning anjomini nazorat qilar, ularga ruhiy quvvat baxsh etadi.

Xonlar, maliklar, amirlar ishtirokida muhim qarorlar qabul qilinadigan kengash yig‘inlari qat’iy tartib bilan o‘tardi. Jang usullari, hujum vaqti, pistirma, qurol-yarog‘larning shayligi barcha-barchasi birma-bir muhokama etilar va tajribali maliklar, sarkardalar mulohazalari eshitilardi. Shu o‘rinda Jaloliddinning qat’iyligi, tezligi, aniq, va to‘g‘ri qaror qabul qilishiga oid bir voqea. Gurjilar bilan bo‘ladigan bir jangdan oldin Jaloliddin vaziri va qo‘mondonlari ishtirokida kengash o‘tkazadi. Vazir dushman qo‘shinlari son jihatidan ustun bo‘lgani uchun jang vaqtini keyinga surishni taklif qiladi. Bu taklif va mulohazadan jahl otiga mingan sulton vazirning boshiga dovot bilan urib, birdan jang qilish qarorini e’lon qiladi.

Jaloliddin jangni qaysi kuni boshlashni munajjimlarning ma’lumotlariga asosan belgilardi.

Shihobiddin Muhammad an-Nasaviy Chingizxon va Jaloliddin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Sind daryosi qirg‘og‘idagi mashhur jang tafsilotlarini shunday bitadi:

“618-yil shavvolining sakkizinchi kuni, chorshanba tonggi otdi. Ikki tomon bir-biriga yuzma-yuz kelib, jang qildilar. Jaloliddin ularga oz sonli qo‘shin bilan ro‘baro‘ bo‘ldi. U Chingizxonning markaziga hujum qildi. Ularni bir necha bo‘laklarga bo‘lib tashlab o‘ziga yo‘l ochdi. La’natilar shikastlangan holda qocha boshladilar, u holdan toygan, himoyaga muhtoj, o‘zini xalos qilishga intilganlarni quvishga tushdi. Kofirlar deyarli o‘rab olingandi. Mag‘lubiyat do‘zax olovi singari totorlar qo‘shini ustiga yopirilgandi. Biroq u la’nati jangdan oldin bahodir laqabini olgan, saralangan 10 ming otliq lashkarini pistirmaga qo‘ygan edi. Ular pistirmadan chiqib Jaloliddinning o‘ng tomoniga, Amin Malik lashkarlariga hujum qildi…

Shundan so‘ng jangovar saf buzildi, uning qat’iyatiga putur yetdi.

Navkarlardan biri daryo bo‘yiga keldi va cho‘kishini bilgan holda, xalos bo‘lishning boshqa yo‘li yo‘qligini anglab uning bag‘riga o‘zini otdi.

Jang paytida Jaloliddinning yetti yoki sakkiz yoshli o‘g‘li asirga tushib qoldi. U Chingizxon ko‘z o‘ngida qatl etildi. Jaloliddin holdan toygan holda Sind daryosi bo‘yiga keldi. Shunda u onasi, xotini (qatl etilgan o‘g‘lining onasi) va haramidagi boshqa ayollarning: “Alloh nomi bilan sendan yolvorib so‘raymiz, bizlarni o‘ldir va shu tariqa asir tushishdan qutqar!” degan ayanchli faryodlarini eshitdi. U buyruq berdi. Ularning hammasi daryoga cho‘ktirildi. Haqiqatan ham bu ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan baxtsizlik, og‘ir qayg‘u edi.

Jaloliddin Sind daryosi qirg‘og‘iga kelganda ortda biror himoyalanadigan nuqta qolmagan, atrofida esa o‘lim quchog‘ini ochib turardi. U orqasida yalang‘ochlangan qilichlarni, oldinda esa to‘lib-toshib oqayotgan daryoni ko‘rdi. Va bor bo‘yi, qurol-yarog‘i bilan otini suvga niqtadi. U ot bilan birga Allohning inoyati tufayli uning himoyasida katta daryoni suzib o‘tdi. Bu ot unga Tiflisni bosib olguncha xizmat qildi va shundan keyin u minishdan ozod qilindi”.

Manguberdining jang qilish tartiboti an’anaviy shaklda bo‘lsa-da, u yuragidagi olovni, dushmanga nisbatan cheksiz nafratni qo‘shinidagi har bir askarga yuqtira olgan edi. Shuning uchun ham ko‘p yillar juda katta hududda Chingizxonga jiddiy zarbalar berdi.

Jaloliddin barcha janglarida pistirmadan oqilona foydalana bilgan. U urushning bosqin shaklini ham ko‘proq qo‘llardi. Dushman qo‘shini bilan ro‘baro‘ kelgan sulton dushmanning kuch-quvvatini, uning lashkari qanday kuchlardan tashkil topganini chuqur o‘rganar va lozim bo‘lganda hiyla ishlatardi. Mustahkam qal’alarni manjanaq, devorteshar qurollar va naftandozlar bilan ishg‘ol qilar, qamal uzoq davom etgudek bo‘lsa, qo‘shinlarini qal’a atrofiga doira shaklida joylashtirar, shahar atrofida uylar qurdirardi.

Eng muhimi Sulton Jaloliddin behalovat kechgan chaqmoqdek qisqa umri davomida harb ilmi dunyosida muhtasham bir imorat bunyod qildiki, bu bilan dunyo tarixiga yana bir turkiy o‘g‘lon – jang san’atkorining nomi bitildi.

Furqat ERGASHEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti