Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

0
669

3-dekabr kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining 2021-yil yakunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 30 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Qahramoni, senator, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining o‘rinbosari, Jamoatchilik kengashi raisi Sodiqjon Turdiyev, kengash a’zolari hamda mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev ishtirok etdi.

Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik xalqimizning eng katta boyligidir. Bu ulug‘ ne’matning barqarorligi va bardavomligi jamoatchilikning, yurtimizda yashayotgan har bir insonning faolligi va fidoyiligi bilan bog‘liq. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining har bir a’zosi ana shunday fidoyilik bilan xizmat majburiyatlarini a’lo darajada bajarish bilan birga, milliy armiyamiz va aholi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda, yurt himoyachilarining ma’naviyatini boyitish va jangovar shayliklarini oshirishda o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shib kelishmoqda.

Jamoatchilik kengashining samarali faoliyatini yanada mustahkamlashga erishish mamlakatimizda mudofaa va xavfsizlik masalalarida olib borilayotgan davlat siyosatini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

Kuni kecha o‘tkazilgan Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida kun tartibiga muvofiq 4 ta masala ko‘rib chiqildi:

  • Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi va hududiy bo‘linmalar tomonidan 2021-yil davomida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar yakuni;
    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 22-noyabrdagi Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 30 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoyishida Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalar;
  • Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda mintaqaviy bo‘linmalarning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan chora-tadbirlar rejasini hamda kengash a’zolarini hududlarga biriktirish ro‘yxatini ko‘rib chiqish va tasdiqlash. Jamoatchilik kengashi kotibini saylash masalasi;
  • Jamoatchilik kengashi nizomida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan kengas a’zolariga takliflar.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar o‘rganilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti