Yoshlar Harbiy aviatsiya instituti bilan tanishdi

0
1057

Qarshi shahrida joylashgan Harbiy aviatsiya institutida Mudofaa vazirligi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar uchun “Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan quramiz!” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.

Yoshlarda Vatanga bo‘lgan muhabbat, milliy armiyamizdan faxrlanish va tinchlik degan buyuk ne’matni asrab-avaylash kabi tuyg‘ularni kuchaytirishga bag‘ishlangan tadbir davomida yoshlar dastlab kursantlarning tahsil olishi uchun yaratilgan sharoitlar hamda ko‘rgazmali qurol-aslahalar bilan tanishdi.

Tashrif davomida ertamiz egalari oʻquv jarayonida zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, trenajorlar, modellashtirish va simulyatsiya usullaridan foydalanib kelinayotgan sinf xonalari, axborot-resurs markazi bilan yaqindan tanishtirildi. Institut qo‘l jangi jamosining ko‘rgazmali chiqishlari yoshlarda katta taassurot qoldirib, ularda harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirdi.

Yoshlar orasida harbiy xizmatning obro‘-e’tiborini, armiya va xalq yakdilligini, yoshlarimiz qalbida Qurolli Kuchlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘usini hamda Vatan himoyachisidek olijanob kasbga hurmat-ehtirom hissini yanada kuchaytirishga qaratilgan tadbirlar yurtimiz bo‘ylab davom etadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti