OITSga qarshi kurashga bagʻishlangan davra suhbati

0
727

1-dekabr — Butunjahon OITSga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Oʻzbekiston Respublikasida OITS infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda harbiy xizmatchilar va ularning oilalari ishtirok etdi. Maʼlumki, OITS (orttirilgan immun tanqisligi sindromi) – OITV (odam immun tanqisligi virusi) tomonidan chaqiriladigan kasallik boʻlib, har yili dunyo boʻylab 1,5 milliondan ortiq odam ushbu kasallikka chalinadi. 1988-yil 1-dekabr kuni OITV infeksiyasi avj olib, insoniyatning koʻpchiligini bu yorugʻ dunyodan olib ketdi. 1-dekabr – kasallik sabab halok boʻlgan insonlar xotirasiga bagʻishlangan kun hisoblanadi. Bu kunni belgilash gʻoyasi birinchi marta 1987-yil avgust oyida Jeneva (Shveysariya)dagi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining OITS boʻyicha global dasturining ikki jamoatchi axborot xodimi Jeyms Bunn va Tomas Netter tomonidan oʻylab topilgan. Necha yildirki, kasallikning salbiy oqibatlari haqida muntazam ravishda profilaktik tadbirlar oʻtkazib kelinadi.

Ammo afsuski, globallashuv jarayonida kasallikka chalinish holatlari yildan-yilga ortib bormoqda. 2020-yil maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda ushbu kasallik bilan kasallanganlar soni 58 mingta, dunyo boʻyicha 37,7 million kishini tashkil etgan. Oʻzbekistonda ham infeksiya bilan xastalangan bemorlar roʻyxati mavjudligi koʻpchilikni hushyorlikka chorlaydi. Bu kabi tadbirlarning esa asosiy maqsadi harbiy xizmatchilarni sogʻlom turmush tarziga rioya etishlikka daʼvat sanaladi. Nukus shahar OITSga qarshi kurashish markazi shifokori Gaipova Gulnoz Tursunbayevna ishtirokida boʻlib oʻtgan davra suhbati davomida ham kasallik haqida batafsil maʼlumotlar, kelib chiqishi, salbiy oqibatlari va uning oldini olish choralari yuzasidan maʼruzalar tinglandi. Tadbir soʻngida tinglovchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati