Gender tenglik taʼminlanishi yoʻlida

0
467

Oliy Majlis Senatining 2021-yil 22-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari tomonidan oʻtkaziladigan koʻrik-tanlovlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan mamlakatimizda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish belganlangan edi.

Tanlovda gender tenglikni taʼminlash sohasida yuqori natijalarga erishgan, ushbu yoʻnalishda jamiyat rivoji yoʻlida tashabbus koʻrsatayotgan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, oʻz sohasiga tegishli yoʻnalishlarda dolzarb vazifalarni amalga oshirayotgan vazirlik va idoralar, nodavlat-notijorat tashkilotlar, hokimliklar, tadbirkorlik subyektlari bilan bir qatorda Mudofaa vazirligi ham munosib ishtirok etmoqda.

Kecha, 2-dekabr kuni tanlov nizomiga muvofiq qoʻmita raisi Malika Kadirxonova rahbarligidagi komissiya aʼzolari tomonidan Mudofaa vazirligida gender tenglik boʻyicha qabul qilingan meʼyoriy hujjatlar, vazirlikda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, harbiy oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, bandligini taʼminlash borasida olib borilgan ishlar manzilli oʻrganildi.

Mudofaa vazirligi tomonidan komissiya aʼzolariga milliy tanlovning nizomida belgilangan barcha talablar toʻliq taqdim etildi.Shu kuni Mudofaa vazirligida faoliyat yuritayotgan Qurolli Kuchlar xizmatchilari bilan “Gender strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati” mavzusida davra suhbati ham oʻtkazildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga qoʻmita raisi Malika Kadirxonova tomonidan toʻlaqonli javob berildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti