Aniq dori yoki davosi topilmagan dard

0
486

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida “Biz OITSga qarshimiz” shiori ostida seminar boʻlib oʻtdi. Mudofaa vazirligi sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbir doirasida soha mutaxassislari ishtirokchilarga OITSning yuqishi mumkin boʻlgan yoʻllari va uning zararlari haqida tushinchalar berib oʻtdi.
– Hozirda butun jahon sogʻliqni saqlash tashkilotlari koronovirusga qarshi kurashmoqda. Chunki bu virus havo orqali yuqadi. Uning oldini olish shart va zarur. Ammo shuni unutmaslik kerakki, insoniyatni OITSdek balo hali-hamon oʻz domiga tortishdan toʻxtagani yoʻq. Va eng achinarlisi, aksariyat hollarda odamzodning oʻzi bu baloni oʻziga yuqtirib olmoqda, – deydi Toshkent viloyati OITSga qarshi kurashish markazi vrachi Ahmadjon Ayitboyev. – Bugungi kunga qadar OITSga chalingan bemorlar uchun aniq dori yoki davoning oʻzi topilmadi. Shuning uchun ham vrach sifatida aytmoqchimanki, sogʻliqning qadriga yeting, sogʻlom turmush tarziga rioya qiling. Oʻzingiz va oilangizni seving, ularni ardoqlang.

Tadbirda Mudofaa vazirligi sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi, Toshkent viloyati OITSga qarshi kurashish markazi, Chirchiq harbiy prokuraturasi, Chirchiq shahar salomatlik va osoyishtalik markazi vakillari, bilim yurtining ofitser hamda kursantlari ishtirok etdi. Ishtirokchilariga OITSning yuqish yoʻllari va ulardan saqlanish usullari boʻyicha mutaxassislar tomonidan tayyorlangan targʻibot bukletlari tarqatildi.

Sherzod SHARIPOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti